Larri Kasanoff Samarqand, Buxoro va Xivada Gollivud filmlarini suratga olish mumkinligini bildirdi
Bu imkoniyat Toshkentda Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulov va amerikalik kinoprodyuser Larri Kasanoff tomonidan muhokama qilindi.

Uchrashuv «Ipak yoʻlidagi turizm» 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda turizm sohasidagi birinchi Xalqaro investitsiya forumi doirasida boʻlib oʻtdi. Tomonlar kino va turizm sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Country Placement dasturi doirasida Oʻzbekistonda sarguzasht janridagi Gollivud blokbasterini suratga olish boʻldi. Bundan tashqari, tomonlar mamlakatning tarixiy va madaniy merosi hamda tabiiy maskanlarini qanday targʻib qilish haqida gaplashdi. Loyihaga amaliy jihatdan Oʻzbekiston Milliy kinokomissiyasi koʻmaklashadi.
Kasanoffning fikricha, Oʻzbekiston jahon kinematografiyasiga koʻp narsa taklif qilishi mumkin: boy tarix, koʻp asrlik meʼmorchilik va mehmondoʻst xalq. Uning soʻzlariga koʻra, Samarqand, Buxoro va Xiva sarguzasht filmlari ijodkorlari uchun «haqiqiy topilma»ga aylanadi.
Prodyuser, shuningdek, «Kino va turizm: yangi sayyohlik yoʻnalishlarini yaratish» sessiyasida nutq soʻzladi. Unda ishtirokchilar xorijiy suratga olish loyihalarini mamlakatga jalb etish va kino yordamida turizmni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Larri Kasanoff kinoindustriyada 35 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib keladi va Threshold Entertainment Group kompaniyasiga rahbarlik qiladi. U Mortal Kombat franshizasining vujudga kelishida asosiy rol oʻynagan hamda «Terminator 2: Qiyomat kuni» va «Haqiqiy yolgʻon» filmlari ustida ishlagan.
Yana oʻqing

«Oltin tub» serialining uchinchi mavsumi yanvarda boshlanadi — u final mavsum boʻladi
Madaniyat17:10
BTS ishtirokchisining «choʻntagida pul yoʻqligi» haqidagi tan olishi internetda katta rezonans uygʻotdi
Madaniyat17:06


