Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosi 250 milliard soʻmdan koʻproqqa sotildi
9 noyabr kuni elektron savdoda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining maʼmuriy binosi sotildi. Bino Toshkent shahrining Mirobod tumanida, Amir Temur koʻchasi, 6-uy manzilida joylashgan. Bu haqda idoraning oʻzi maʼlum qildi.

E-auksion platformasidagi savdolar 165,5 mlrd soʻmdan boshlandi va 251,6 mlrd soʻmda yakunlandi. Yakuniy narx boshlangʻich narxdan 86,1 mlrd soʻmga, yaʼni 52 foizga yuqori boʻldi. Bu bino uchun xaridor ancha vaqtdan beri izlanayotgan edi: u ilk bor 2025 yil avgustida xuddi shu boshlangʻich narxda ochiq auksionga qoʻyilgan.
Bino vazirliklar, idoralar va ularga boʻysunuvchi tashkilotlarni Yangi Toshkentga koʻchirishni nazarda tutuvchi dastur doirasida sotilmoqda. Dasturga koʻra, poytaxtda jami 83 ta koʻchmas mulk obyekti sotilishi kerak.
Hozircha ulardan sakkizta maʼmuriy bino jami 1,12 trln soʻmga sotilgan. Yana 11 ta bino savdoga qoʻyilgan, ularning umumiy boshlangʻich qiymati 1,20 trln soʻmni tashkil etadi. Boʻshagan binolarni sotishdan tushgan mablagʻ Yangi Toshkentda maʼmuriy infratuzilma qurilishiga yoʻnaltiriladi.
Avvalroq poytaxt markazidagi auksionda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining binosi sotilgan edi. U uchun 287,14 mlrd soʻm toʻlangan.
Yana oʻqing

Banklar mijozlarning moliyaviy operatsiyalariga qarab demensiyani aniqlashni oʻrganmoqda
Iqtisodiyot18:49
Soliq qoʻmitasi soliq tizimini yaxshilash boʻyicha fuqarolar va biznes takliflarini qabul qilmoqda
Iqtisodiyot16:58


