Shevchenkoning gastronomik koʻchasi Shimoliy vokzalgacha yetkaziladi
Toshkentning Mirobod tumani hokimligi Taras Shevchenko koʻchasining Turkiston va Nukus koʻchalari oraligʻidagi qismini obodonlashtirishga kirishdi.

Bu yerda piyodalar yoʻlaklari barpo etiladi, koʻkalamzor hudud kengaytiriladi, favvoralar hamda qahva, choy, sharbat va muzqaymoq sotiladigan kichik kiosklar oʻrnatiladi. Ushbu qismda restoran va kafelar boʻlmaydi.
Tafsilotlarni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov jamoatchilik eshituvida maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, bu hududda yangi binolar qurilmaydi. Plitkalar va yoʻlaklar almashtiriladi, yashil hudud maydoni kengaytiriladi, yangi daraxtlar, butalar va gullar ekiladi.
Koʻcha boʻylab soyabonli oʻrindiqlar oʻrnatiladi, yoritish tizimi almashtiriladi va videokuzatuv kameralari qoʻyiladi. Uchta favvora boʻladi. Ulardan biri Shimoliy vokzal roʻparasidagi flagstok yoniga oʻrnatiladi.
Berdaq haykali avvalgi joyida qoladi, faqat uning atrofidagi hudud yangilanadi. Hokimning soʻzlariga koʻra, yodgorlik madaniy meros obyektiga kiradi, shu sababli unga tegilmaydi.
Savdo nuqtalari uchun joylar auktsion orqali beriladi. Gʻoliblar har oy budjetga toʻlov kiritadi, bu mablagʻning bir qismi koʻchani tozalash va saqlashga yoʻnaltiriladi.
Qoʻshni uylarning fasadlarini ham yagona uslubga keltirish rejalashtirilmoqda. Bunday ishlar Nukus koʻchasida allaqachon amalga oshirilmoqda. Avtoturargoh joylari saqlab qolinadi, biroq ular yangicha tartibda belgilab chiqiladi.
Koʻkalamzorlar yaqinidan oqib oʻtadigan daryo suvi bilan sugʻoriladi. Hokimning fikricha, bu budjet mablagʻlarini tejash imkonini beradi.
Shevchenko koʻchasining qolgan qismidagi ishlar noyabr oxirigacha yakunlanishi kerak. Turkiston koʻchasidan Nukus koʻchasigacha boʻlgan qismni obodonlashtirishga loyiha maʼqullangach, qariyb ikki oy ketadi.





