Oʻzbekiston va Gruziya migrantlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga kelishdi
Davlatlar migratsiya qoidalari, kirish va boʻlish hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi choralar haqida qoʻshma media-reja tayyorlaydi.

12 noyabr kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Olimjon Abdullayev Gruziya elchisi David Kotariya bilan uchrashdi. Tomonlar konsullik-huquqiy va migratsiya sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi.
Gruziyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Muzokara ishtirokchilari konsullik-huquqiy yordamni yaxshilash hamda ikki mamlakat vakolatli organlarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish masalasini ham koʻrib chiqdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma media-reja tayyorlashga kelishib oldi. U fuqarolarni migratsiya qonunchiligi talablari, kirish va boʻlish qoidalari haqida tizimli xabardor qilishga yordam berishi kerak.
Bundan tashqari, ikki mamlakat vakillari noqonuniy migratsiyaning oldini olish choralarini muhokama qildi. Oʻzbekiston va Gruziya ikki tomonlama konsullik maslahatlashuvlari doirasida amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.





