Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Dushanba, 16-noyabr 2026-yil
Asosiy yangiliklar.
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Jamiyat

38 ta Oʻzbekiston universiteti QS Asia 2027 reytingidan joy oldi

QS Asia 2027 reytingiga Oʻzbekistonning 38 universiteti kirdi, ulardan 15 tasi ilk bor. Mamlakat natijasi 17% ga oʻsdi, TIIIMSH-NIU esa 113-oʻrinni egalladi.

5-noyabr, 12:09По-русски

Read in English

Vitaly Gariev, Unsplash

Osiyo reyting jadvalidan 26 mamlakat va hududdagi 1722 universitet joy oldi. Oʻzbekiston oliygohlari orasida eng yaxshi natijani Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti — Milliy tadqiqot universiteti qayd etdi: 113-oʻrin, oʻtgan yilgidan 10 pogʻona past.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻtgan yilgi 180-oʻringa qarshi 196-oʻrinni egalladi. Samarqand davlat universiteti 92 pogʻonaga koʻtarilib, 215-oʻringa chiqdi. Namangan davlat texnika universiteti esa eng keskin sakrashni qayd etdi: 951–1000 oʻrinlar oraligʻidan 469-oʻringa koʻtarildi.

Oʻzbekistonning eng yaxshi oʻnta oliygohi qatoridan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti va Urganch davlat universiteti ham joy oldi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

QS universitetlarni Osiyo oʻziga xosligiga moslashtirilgan 11 mezon asosida baholadi. Oʻzbekiston oliygohlari eng yaxshi natijalarni ish beruvchilar orasidagi obroʻ-eʼtibor, xorijiy oʻqituvchilar ulushi va talabalar mobilligida koʻrsatdi. Eng past baholar esa nashrlarga iqtiboslar soni hamda bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan ilmiy ishlar soni boʻyicha qayd etildi.

Osiyoda yana Gonkong universiteti yetakchi boʻldi, Pekin universiteti esa ikkinchi oʻrinni saqlab qoldi. Tsinghua universiteti toʻqqiz pogʻonaga koʻtarilib, uchinchi oʻrinni egalladi. Kuchli 20 talikdan Gonkong, materik Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya va Malayziya oliygohlari joy oldi. Umuman, Markaziy Osiyo reytingda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan 99 universitet bilan qatnashgan.