«Avval ranglar vertikal joylashgan» — Oʻzbekiston bayrogʻi qanday yaratilgan?
Xalq rassomi Anvar Mamajonov eskizi tanlovda gʻolib deb topilib, 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan Oʻzbekiston bayrogʻiga asos boʻlganini aytdi.

Mamajonov tanlovda komissiya aʼzosi sifatida qatnashgan va shu bilan birga oʻz eskizlarini ham taqdim etgan. Tanlovga jami 200 dan ortiq loyiha kelib tushgan, muhokamalar esa taxminan 1991-yil aprelida boshlangan.
Rassomning aytishicha, bayroqning dastlabki variantlari hozirgisidan farq qilgan: rangli chiziqlar vertikal joylashgan, markazida esa Samarqand yoki Buxoroning meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan. Bu detal bayroq uchun haddan tashqari murakkab deb topilgach, undan voz kechilgan.
Mamajonov yodgorlik oʻrniga dastlab yarim oy va bitta yulduz joylashtirgan. Keyin unga 12 yulduz tasvirlangan eskiz topshirilgan — rassomning soʻzlariga koʻra, bu gʻoyani birinchi prezident Islom Karimov taklif qilgan. Qayta ishlangach, yulduzlar yakuniy variantga kiritilgan.
Rassom ranglar tanlovini ham tushuntirgan. U ish boshlashdan oldin geraldika va turli mamlakatlar bayroqlari ramziyligiga oid kitoblarni oʻrgangan. Dastlab yashil va moviy ranglarga toʻxtalgan, keyin oq chiziqni qoʻshib, uni ingichka qizil chiziqlar bilan ajratgan. Oliy Kengashdagi muhokama vaqtida u har bir rangning maʼnosini alohida asoslab bergan.
Mamajonov eskizlar ustida yolgʻiz ishlaganini, ularning soni mingga yetganini aytadi. Bayroq qabul qilingach, u oʻlchamlari va elementlari tavsifi koʻrsatilgan katta eskizni tayyorlagan. Ushbu hujjatga koʻra, bayroqning uzunligi 2,5 metr, eni esa 1,25 metr.
Rassomning soʻzlariga koʻra, ramz tasdiqlangach, uni Oliy Kengashda tabriklashgan, biroq bayroqni yaratgani uchun alohida mukofot olmagan. Ish jarayonida taqdim etgan eskizlari hozir Oliy Kengash arxivida saqlanadi.
Yana oʻqing

Dart Veyderning yorugʻlik qilichi rekord darajadagi 4,875 mln dollarga sotildi
Madaniyat15:04
196 mamlakatdan ishtirokchilar qatnashadigan Beast Gamesning uchinchi mavsumi 16 dekabrda chiqadi
Madaniyat11:35


