Oʻzbekistondan boʻlgan 21 yoshli aka-uka AQShda startap yaratib, 500 ming dollar oladi
Toshkentlik egizaklar Xusan va Xasan Mavlonovlar Defex Robotics startapi bilan Y Combinatorʼning 2027 yilgi qishki dasturiga qabul qilindi.

Kompaniya akselerator uchun standart boʻlgan 500 ming dollarni oladi: 7 foiz evaziga 125 ming dollar va SAFE kelishuvi boʻyicha yana 375 ming dollar. Kelishuv allaqachon imzolangan, mablagʻ yaqin haftalarda kelib tushadi.
Defex Robotics elektron platalarga kabellarni ulash ishini oʻz zimmasiga oladigan qurilmalarni yaratmoqda. Bu yigʻish liniyalarida hali ham qoʻlda bajariladigan soʻnggi operatsiyalardan biridir. Kamera konnektorni topadi, manipulyator kabelni kiritish kuchini nazorat qilgan holda ulaydi, tekshiruv tizimi esa konnektor oxirigacha kiritilmay qolmaganini nazorat qiladi. Taʼsischilar hisob-kitobiga koʻra, xodim 3–4 soat sarflaydigan ishni robot 20 daqiqadan kamroq vaqtda bajaradi.
Tayyor uskuna hali yoʻq: konnektorlarni oʻrnatish jarayoni simulyatsiyada sinovdan oʻtkazilmoqda, sifat nazoratiga moʻljallangan sunʼiy intellekt modeli esa allaqachon real qurilmada ishga tushirilgan. Shunga qaramay, 27 ta kompaniya — Xyustondan 24 tasi, San-Fransiskodan bittasi va Oʻzbekistondan ikkitasi — tizimlarni band qilish uchun 31 ming dollar toʻlagan.
Aka-uka loyihani 2026 yil martida Turkiya, Xitoy, AQSh va Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni tashlab, ishga tushirdi. YCʼgacha ular investorlardan kelib tushgan 2 million dollargacha boʻlgan takliflarni rad etishdi — ulush boʻyicha shartlar maʼqul kelmagan.
Yana oʻqing

Banklar mijozlarning moliyaviy operatsiyalariga qarab demensiyani aniqlashni oʻrganmoqda
Iqtisodiyot18:49
Soliq qoʻmitasi soliq tizimini yaxshilash boʻyicha fuqarolar va biznes takliflarini qabul qilmoqda
Iqtisodiyot16:58


