Banklar mijozlarning moliyaviy operatsiyalariga qarab demensiyani aniqlashni oʻrganmoqda
Bloomberg yozishicha, demensiyaning dastlabki belgilari tashxis qoʻyilishidan bir necha yil oldin moliyaviy xatti-harakatlarda namoyon boʻladi.

Inson toʻlovlarni oʻtkazib yubora boshlaydi, kutilmaganda katta summalarni yechib oladi, bir xil savollarni qayta-qayta beradi va investitsiyalarga qiziqishini yoʻqotadi.
Tadqiqotlarga koʻra, Altsgeymer kasalligiga chalingan odamlarda moliyaviy muammolar tashxis qoʻyilishidan taxminan olti yil oldin paydo boʻladi. Shu vaqtga kelib, keyinchalik demensiya rivojlangan xonadonlar boshqa xonadonlarga qaraganda qariyb 100 ming dollarga kambagʻalroq boʻladi.
2019-yildan beri Amerika pensionerlar assotsiatsiyasi AARP bank xodimlariga BankSafe dasturi orqali bunday signallarni aniqlashni oʻrgatmoqda. Ushbu dasturdan 1500 dan ortiq moliyaviy tashkilot xodimlari oʻtgan va bu mijozlarni taxminan 550 mln dollar miqdoridagi yoʻqotishlardan asrashga yordam bergan.
Endi tadqiqotchilar algoritmni kredit tarixlari va bank tranzaksiyalari asosida oʻqitishni taklif qilmoqda. U tashxis qoʻymaydi, faqat odam tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerakligini bildiradi. Bunday modellar allaqachon Kolorado universiteti va Jorjtaun universitetida ishlab chiqilmoqda.
Banklar, jumladan M&T Bank, kognitiv buzilishlarni aniqlash ularning vazifasi emas, deb hisoblaydi va bunday vositalar ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini talab qilmoqda. Olimlar esa maʼlumotlar firibgarlar qoʻliga sizib chiqishidan xavotirda.
2024-yilda sud JPMorgan mijozining oilasi bergan daʼvoni rad etdi: demensiya fonida uning boyligi 50 mln dollardan 1,5 mln dollargacha kamaygan. Sud bank mijozning kasalligidan xabardor boʻlganini tasdiqlovchi dalillarni topmadi.





