Uch oyda boshqa odamga aylanish: trend ortidan quvishda oʻzingizni zoʻriqtirmang
Tibbiy psixolog Yevgeniy Yan Winter Arc chellenji perfektsionizm, depressiya va ovqatlanish buzilishi boʻlganlarda oʻzini tanqid qilish hamda holdan toyishni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Yan Winter Arc TikTok va Instagramʼda ommalashib borayotganini tushuntirdi. Ishtirokchilar uch oyga maqsadlar qoʻyadi: mashq qiladi, ovqatlanishini oʻzgartiradi, telefondan kamroq foydalanadi, kitob oʻqiydi yoki ertaroq uxlashga yotadi. Odatda chellenjga kuz boshida, noyabrda yoki qish boshida qoʻshilishadi, natijalarini esa oʻzgarishlar kundaligi shaklida koʻrsatishadi.
Psixologning fikricha, oʻzini keskin oʻzgartirish istagi hayotidan norozilik va ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarning yutuqlari bilan doimiy taqqoslash bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Kuzda motivatsiyaga charchoq, uyquning yomonlashishi va yorugʻ kunning qisqarishi ham taʼsir qiladi. Bunday davrda moʻtadil jismoniy faollik, kun tartibi va uddalasa boʻladigan maqsadlar holatni qoʻllab-quvvatlashi mumkin, ammo qatʼiy talablar aks taʼsir koʻrsatishi ehtimol.
Yanning fikricha, perfektsionizm va haddan tashqari oʻzini tanqid qilishga moyil odamlarga ayniqsa ehtiyot boʻlish kerak. Ular bir mashgʻulotni oʻtkazib yuborishi yoki kun tartibini buzishi aybdorlik hissi va avvalgi natijalarni qadrsizlantirishga olib kelishi mumkin. Qatʼiy cheklovlar va katta yuklamalar depressiya, ovqatlanish buzilishlari hamda emotsional holdan toyish kuzatiladigan odamlarning holatini ham yomonlashtirishi mumkin.
Psixolog ikki-uchta realistik maqsaddan boshlashni va motivatsiyaning vaqtincha pasayishini muvaffaqiyatsizlik deb qabul qilmaslikni maslahat beradi. Har kuni mashq qilish oʻrniga haftasiga ikki-uch marta shugʻullanish mumkin. Yanning soʻzlariga koʻra, ideal intizom yoki muayyan vaznga erishishdan koʻra, yangi tartibdagi energiya, kayfiyat va qoniqishni kuzatib borish muhimroq. Dam olish va rejadan chekinish imkoniyati ham oʻzgarishlarning bir qismi boʻlib qolishi kerak.





