COP31: Turkiyada suvni smart-kartalar orqali hisobga olish tajribasi oʻrganildi
Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Antaliya viloyatidagi Naras toʻgʻoni yaqinida qoʻllaniladigan sugʻorish tizimini oʻrgandi, deb xabar berdi Suv xoʻjaligi vazirligining axborot xizmati.

Ukatilgan betondan qurilgan toʻgʻon toshqinlardan himoya qiladi va 7,1 ming gektar yerlarni oʻz oqimi bilan sugʻorish imkonini beradi. Shundan 5,6 ming gektar maydon avval nasoslar yordamida sugʻorilgan, shu bois oʻz oqimiga oʻtish elektr energiyasini tejaydi.
Suv fermerlarga yopiq quvurlar orqali yetkaziladi. Fermer suv haqini oldindan toʻlaydi, daladagi hisoblagichga smart-kartani tekkizadi va suv berish boshlanadi. Sarflangan suv hajmi avtomatik ravishda qayd etiladi.
Turkiyaning DSI boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat sugʻorish tarmoqlaridagi bosimli quvurlarning ulushi 2000-yillar boshidagi 6 foizdan 35 foizgacha oshgan, yangi loyihalarda esa bu koʻrsatkich 95 foizga yetadi.
Oʻzbekistonda quvur orqali sugʻorish va suvni smart-kartalar yordamida hisobga olish boʻyicha «Suv hisobi» tizimiga ulanadigan pilot loyiha koʻrib chiqiladi. U suv yoʻqotishlarini kamaytirishi va suvdan foydalanishni yanada shaffof qilishi kerak.





