Saraton bilan kurashuvchi saqich HPV darajasini 93 foizgacha kamaytirdi
Eksperimental saqich ekstrakti saraton bilan ogʻrigan bemorlarning ogʻiz boʻshligʻi namunalarida HPV darajasini 93 foizgacha kamaytirdi. Vosita klinik sinovlarda hali tekshirilmagan.

Tadqiqotga Pensilvaniya universiteti stomatologiya maktabi professori Genri Daniell rahbarlik qildi. Olimlar ekstraktning bosh va boʻyin yassi hujayrali saratoni bilan ogʻrigan bemorlarning soʻlak hamda ogʻiz chayindisi namunalariga taʼsirini tekshirdi.
Saqich lablab loviyasi asosida tayyorlangan boʻlib, viruslarga qarshi xususiyatga ega FRIL oqsilini oʻz ichiga oladi. Laboratoriya sinovlarida ekstrakt soʻlak namunalarida HPV darajasini 93 foizga, ogʻiz chayindisi namunalarida esa 80 foizga kamaytirdi.
Shundan soʻng tadqiqotchilar tarkibga antimikrob peptid — protegrinni qoʻshdi. Bunday ekstraktning bir dozasi berilgach, Porphyromonas gingivalis va Fusobacterium nucleatum bakteriyalari deyarli aniqlab boʻlmaydigan darajagacha kamaydi. Bunda oʻrganilgan ogʻiz boʻshligʻidagi foydali bakteriyalar zarar koʻrmadi.
Natijalar Scientific Reports jurnalida chop etildi. Olimlar texnologiyani mavjud davolashga qoʻshimcha yoki infeksiyalarning oldini olish usuli sifatida koʻrib chiqmoqda. Biroq saqich inson ogʻzida xuddi shunday samara beradimi yoki bu mikroorganizmlar darajasining pasayishi saraton kechishiga taʼsir qiladimi — hozircha aniqlanmagan. Xavfsizlik va samaradorlikni tekshirish uchun klinik sinovlar zarur.





