Italiyada «Visit Uzbekistan» jurnalining italyan tilidagi ilk soni nashr etildi
Rimda Oʻzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan «Visit Uzbekistan» jurnalining italyan tilidagi ilk maxsus soni nashr etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Ushbu son Italiyaning «Dinara & Co.» nashriyot uyi bilan hamkorlikda tayyorlangan boʻlib, uning asosiy mavzusi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikdir.
Son Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil iyunida Italiyaga tashrifiga bagʻishlangan material bilan ochiladi. Unda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi strategik sheriklik haqida maqolalar ham bor. Jurnalga elchi Abat Fayzullayev, Italiya–Oʻzbekiston Savdo palatasi rahbari Jorjo Veronezi, Oʻzbekiston taʼlim va fan vazirining Italiyadagi maslahatchisi Marko Farchi va boshqalar intervyu bergan.
Mualliflar tovar ayirboshlash hajmining oʻsishi, qoʻshma korxonalar va texnologiyalar transferi haqida yozadi. Istiqbolli yoʻnalishlar qatorida energetika, kimyo, toʻqimachilik, Jizzax viloyatida zaʼfaron yetishtirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni tilga oladi. 2024-yil kuzida Toshkentda boʻlib oʻtgan Italiyaning qariyb 30 ta oliy taʼlim muassasasi rektorlari forumi ham alohida qayd etilgan.
Bundan tashqari, sonda fotograf Fernando Russo qalamiga mansub sayohat qaydlari, tarixiy shaharlar va milliy moda haqidagi hikoya, shuningdek, sayyohlar uchun tavsiyalar oʻrin olgan.
«Visit Uzbekistan» jurnali ingliz tilida 2017-yildan beri nashr etib kelinadi.
Yana oʻqing

Dart Veyderning yorugʻlik qilichi rekord darajadagi 4,875 mln dollarga sotildi
Madaniyat15:04
196 mamlakatdan ishtirokchilar qatnashadigan Beast Gamesning uchinchi mavsumi 16 dekabrda chiqadi
Madaniyat11:35


