«Deyarli sehr»: SpaceX apparati havoda tutib olindi — bu nega muhim
Shanba kuni Texasdagi Starbase kosmodromida start minorasining mexanik «qoʻllari» Starship kemasining yuqori bosqichini havoda tutib oldi. Avval bunday usulda faqat tezlatkichlar tutilgan edi.

Qoʻnishdan oldin Starship orbitada 22,5 soat boʻlib, Yer atrofida 14 marta aylandi. Shundan soʻng u Starbaseʼga qaytdi, vertikal holatga keldi va dvigatellarini oʻchirmagan holda Mechazilla minorasining tutqichlariga tushdi. Kemaning balandligi 124 metr boʻlib, u dunyodagi eng katta va eng qudratli raketadir. U Oy va Marsga parvozlar uchun yaratilmoqda.
Ilon Maskning maʼlum qilishicha, koʻrikdan soʻng kema ham, issiqlikdan himoya qiluvchi qoplama ham aʼlo holatda ekani aniqlangan. NASA rahbari Jared Ayzekman qoʻnishni «deyarli sehr» deb atadi. Agentlik oʻn yillik oxirigacha Starship yordamida astronavtlarni Oyga tushirish uchun SpaceXʼga milliardlab dollar toʻlaydi.
Muhandislar bu qoʻnishni tarixiy deb atamoqda: u oʻta ogʻir raketalar tez orada toʻliq qayta foydalaniladigan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Hozir Falcon 9 raketasining faqat birinchi bosqichidan qayta foydalaniladi. Starship esa toʻliq holda yana parvoz qilishi kerak, bu esa uchirish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirib, parvozlarni tez-tez amalga oshirish imkonini beradi.





