Semirish demensiyada oʻlim xavfini 27 foizgacha kamaytirish bilan bogʻlandi
4 523 nafar keksa ishtirok etgan tadqiqot demensiyada ortiqcha vazn va semirish meʼyoriy vaznga qaraganda oʻlim xavfi pastroq boʻlishi bilan bogʻliqligini koʻrsatdi.

Kolumbiya jamoat salomatligi maktabi va Nyu-York universitetining Global jamoat salomatligi maktabi tadqiqotchilari demensiya tashxisi qoʻyilgandagi vazn bilan keyingi oʻlim koʻrsatkichi oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrgandi. Natijalar Journal of Alzheimerʼs Disease jurnalida eʼlon qilindi.
Meʼyoriy vaznga ega ishtirokchilarga qaraganda ortiqcha vaznli odamlarda oʻlim xavfi 16 foizga past boʻlgan. Birinchi darajali semirishda bu koʻrsatkich 27 foizga, ikkinchi va uchinchi darajali semirishda esa 22 foizga past boʻlgan. Hisob-kitoblarda chekish, avvaldan mavjud kasalliklar va demografik xususiyatlar inobatga olingan.
Olimlar AQShning 51 yosh va undan katta aholisi haqidagi Health and Retirement Study maʼlumotlaridan foydalangan. Tahlilga kuzatuv boshida demensiyasi boʻlmagan, ammo keyinchalik kasallik rivojlangan kishilar kiritilgan. Maʼlumotlar 1998–2022-yillarda toʻplangan. Bu tashxisgacha vazn oʻzgarishlarini hisobga olish va tashxisdan keyingi yashab qolishni kuzatish imkonini bergan.
Aniqlangan bogʻliqlikning aniq sababi nomaʼlum. Tadqiqotchilar qoʻshimcha energiya zaxiralari yoki mushak massasi demensiyada uchraydigan ishtaha yoʻqolishi, energiyaga ehtiyoj ortishi va ovqatlanishdagi qiyinchiliklarni yengishga yordam berishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq tahlil vazn ortishi yashab qolishni yaxshilashini koʻrsatmadi va bemorlarga vazn yigʻishni tavsiya etmaydi.
Mualliflar tashxisdan oldingi vazn yoʻqotishi, demensiya rivojlangunga qadar yashagan odamlarga xos jihatlar va boshqa sistematik xatoliklar natijani buzgan-buzmaganini ham tekshirdi. Ularning baholashicha, oʻrganilgan omillar oʻlim koʻrsatkichidagi farqni toʻliq izohlashi dargumon. Tadqiqotchilar tashxis paytidagi vazn prognozni baholash uchun moʻljal boʻlishi mumkinligini, oziqlanish holatiga esa eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlamoqda.





