Gintsburg Rossiya onkovaksinasi birinchi bemordagi saraton metastazlarini yoʻq qilganini maʼlum qildi
Gamaleya nomidagi Markazning ilmiy rahbari, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Aleksandr Gintsburg Rossiya onkovaksinasidan keyin birinchi bemordagi metastazlar yoʻqolganini maʼlum qildi. U uch yil davomida kuzatuvda boʻladi.

Gintsburg bu haqda «Gazeta.ru»ga bergan intervyusida aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, bemor har oy koʻrikdan oʻtkaziladi, Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligining «Radiologiya milliy tibbiy tadqiqot markazi» rahbari Andrey Kaprin esa unga yuqori aniqlikdagi kompyuter tomografiyasini oʻtkazmoqda.
Mutaxassislar limfa tugunlarini tekshirmoqda va bemorni boshidan oyogʻigacha toʻliq koʻrikdan oʻtkazmoqda. Intervyu vaqtida metastazlar yoʻqolganiga toʻrt oy boʻlgan, bemorning holati esa barqarorligicha qolgan. U uch yil davomida kuzatuvda boʻladi.
Gintsburgning tushuntirishicha, onkovaksina immun tizimini shunday qayta sozlashi kerakki, u yomon sifatli oʻsma va metastazlarni mustaqil ravishda yoʻq qilsin. Preparat har bir bemor uchun uning genetik maʼlumotlari asosida alohida yaratiladi: akademik bir xil oʻsmalar mavjud emasligini taʼkidladi.
1 oktabr kuni Rossiya Sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko Rossiyada saraton kasalliklari bilan ogʻrigan dastlabki bemorlar vaksinalarni qabul qilayotgani hamda CAE-T-hujayrali terapiya usuli bilan davolanayotganini majburiy tibbiy sugʻurta (OMS) doirasida bepul amalga oshirilayotganini maʼlum qildi. 15 sentabr kuni Murashko kelgusi 25 yil ichida umr davomiyligining oshishi sababli saraton kasalliklari paydo boʻlishi xavfi ortishini aytdi.





