Microsoft global servislar uzilishini bartaraf etdi: sabab tarmoqni kengaytirishdagi xato
Microsoft 365 ishini bir sutkadan ortiq davom etgan uzilishdan soʻng tikladi. Kompaniya buni tarmoq sigʻimini kengaytirishdagi xato bilan bogʻladi, biroq tergov davom etmoqda.

Outlook, Teams va Copilot xizmatlari yana odatdagidek ishlamoqda. Microsoft, shuningdek, nosozliklar paytida yigʻilib qolgan elektron xatlarni qayta ishladi.
Asosiy muammo pochta va Microsoft 365’ning ayrim funksiyalari bogʻliq boʻlgan Exchange Online bulutli platformasidagi nosozlik boʻldi. 70 dan ortiq mamlakat foydalanuvchilaridan shikoyatlar kelib tushdi, Downdetectorʼda esa ularning soni bir necha yuz mingga yetdi. Tashkilotlar vaqtincha telefon va faksdan foydalanishga majbur boʻldi.
Uzilish sababli Shveysariyaning Richemont xoldingi va AQShning Workhorse kompaniyasi moliyaviy hisobotlarini eʼlon qilishni kechiktirdi. Nosozliklar Buyuk Britaniya Milliy sogʻliqni saqlash xizmati muassasalariga ham taʼsir koʻrsatdi. PVH kompaniyasi 12 noyabr kuni restrukturizatsiya doirasida taxminan 4 foiz xodimini qisqartirmoqchi boʻlgan va shu xodimlar bilan rejalashtirilgan suhbatlarning bir qismini oʻtkaza olmadi.
Microsoftning dastlabki versiyasiga koʻra, xato tarmoq sigʻimini kengaytirish vaqtida yuzaga kelgan, keyingi konfiguratsiya oʻzgarishidan soʻng esa namoyon boʻlgan. Tiklash ishlari bosqichma-bosqich olib borildi: ishga qaytarilgan serverlar baʼzan yuklama ostida yana javob bermay qoʻydi. Kompaniya zararli harakatlar alomatlarini aniqlamaganini va uzilishni sunʼiy intellekt bilan bogʻlamasligini bildirdi.
Yakuniy texnik sabablar hozircha oshkor qilinmagan. Microsoft tergov tugagach, batafsil hisobot eʼlon qilishga vaʼda berdi. Microsoft 365 xizmatlaridan pullik obunaga ega 450 mln dan ortiq tijoriy obunachi foydalanadi.





