Googleʼning sobiq rekruteri suhbatdagi uch xatoni aytdi
Googleʼning sobiq rekruteri Fara Shargi oʻzingiz haqidagi savolga qanday javob berish va netvorking orqali tavsiya yoki suhbatga erishish uchun nimalarni soʻrash kerakligini aytdi.

Fara Shargi, Googleʼning sobiq texnik rekruteri, karera haqidagi suhbatni yutuqlar roʻyxatidan boshlamaslikni maslahat beradi. Uningcha, suhbatdoshga darhol hozir kim ekaningizni, karerada qaysi oʻtishni rejalashtirayotganingizni va nega aynan unga murojaat qilganingizni tushuntirish kerak.
«Rivojlanmoqchiman» kabi umumiy gaplar oʻrniga aniq yoʻnalishni aytish kerak. Masalan, mutaxassis taʼminot zanjirlari tahlilchisi boʻlib ishlashi, suhbatdosh bunday yoʻlni bosib oʻtgani uchun operatsion faoliyatdan strategiyaga oʻtmoqchi ekanini aytishi mumkin. Bu javob boʻlajak tavsiya beruvchiga nomzodni nega kompaniyaga tavsiya qilish kerakligini anglashga yordam beradi.
Ikkinchi xato — ish kuni odatda qanday oʻtishi haqida soʻrash. Shargiga koʻra, bu savol koʻpincha faqat vazifalarning umumiy roʻyxatini beradi. U suhbatdoshdan ishining qaysi qismi eng koʻp qoniqish berishini, soʻng natijasi qaysi koʻrsatkichlar bilan baholanishini soʻrashni taklif qiladi. Shu tariqa muvaffaqiyat amalda qanday koʻrinishi va yangi xodimdan dastlabki 30 va 90 kunda nimalar kutilishini bilish mumkin.
Uchinchi xato — yangi boshlovchi uchun maslahat soʻrash. Sobiq rekruter buning oʻrniga yaqinda muvaffaqiyat qozongan xodimda qanday fazilatlar boʻlgani, bu kishini oʻz rolida eng koʻp nima hayratga solgani va ishga kirishishdan oldin nimalarni bilishni istagani haqida soʻrashni taklif qiladi. Yana bir variant — suhbatdosh fikricha, koʻproq odamlar bilishi kerak boʻlgan sohadagi oʻzgarishlarni muhokama qilish.
Uchrashuv oxirida Shargi: «Bugungi suhbatimizni hisobga olganda, yana kim bilan gaplashganim maʼqul?» deb soʻrashni tavsiya qiladi. Uning fikricha, bunday ibora suhbatdoshga mos kontaktni topishni osonlashtiradi va yangi tanishuvlar, tavsiyanomalar hamda intervyularga olib kelishi mumkin.





