Soliq qoʻmitasi soliq tizimini yaxshilash boʻyicha fuqarolar va biznes takliflarini qabul qilmoqda
Soliq qoʻmitasi soliqlarni soddalashtirish va raqamli xizmatlar boʻyicha takliflar uchun @soliqtaklif_bot Telegram-botini ishga tushirdi. Gʻoyalar kelasi yil hujjatlarida inobatga olinishi mumkin.

Har bir tashabbus va uning asosini koʻpi bilan 5 ming belgida bayon qilish mumkin. Bot oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida ishlaydi, shaxsiy maʼlumotlarni kiritish shart emas. Foydalanuvchilar bir nechta taklif yuborishi mumkin.
Qoʻmita soliqlarni toʻlashni soddalashtirish, soliq organlari bilan hamkorlikni yaxshilash va elektron xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha gʻoyalarni qabul qilmoqda. Shuningdek, inson omili taʼsirini kamaytirish uchun sunʼiy intellektdan kengroq foydalanish yuzasidan fikr bildirish taklif etilmoqda.
Kelib tushgan takliflarni Soliq qoʻmitasining tegishli boʻlinmalari oʻrganadi. Asoslangan va amaliy ahamiyatga ega tashabbuslar yangi normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda inobatga olinishi mumkin. Hozirgi takliflar yigʻimi kelasi yilgi soliq va budjet siyosatini belgilaydigan hujjatlar bilan bogʻliq.
Idora ushbu format samarali ishlasa, uni muntazam fikr-mulohaza yigʻish uchun saqlab qolish mumkinligini ham maʼlum qildi. Shu bilan birga, qoʻmita prezident topshirigʻiga koʻra soliq maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish choralarini tayyorlamoqda. Ular soliq tizimining shaffofligini oshirishi hamda fuqarolar va biznes uchun soliqlarni toʻlashni soddalashtirishi kerak.





