JSST havo tavsiyalariga rioya qilish yiliga 9 mln dan ortiq hayotni saqlashi mumkin
Kembrij universiteti tadqiqotiga koʻra, JSSTning PM2.5 boʻyicha tavsiyalariga rioya qilish yiliga 9,4 mln oʻlimning, NO2ni kamaytirish esa yana qariyb 1,1 mln oʻlimning oldini olishi mumkin.

Tadqiqotchilar tavsiya etilgan PM2.5 darajalariga erishish yiliga 9,4 mln oʻlimning oldini olishi mumkinligini baholadi. Azot dioksidi konsentratsiyasini kamaytirish esa yana qariyb 1,1 mln oʻlimning oldini olishi yoki ularni kechiktirishi mumkin edi.
Eng katta taʼsir daromadi past va oʻrta boʻlgan mamlakatlarda kuzatilishi mumkin edi. Mualliflar bu davlatlarda yuqori ifloslanishni urbanizatsiya, iqtisodiy rivojlanish hamda avtomobillar va boshqa transport vositalaridan foydalanishning koʻpayishi bilan bogʻlaydi.
PM2.5 darajasini kamaytirish yiliga surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi holatlari sonini 2,8 mln taga, demensiya holatlarini 1,1 mln taga, yurak ishemik kasalligi holatlarini 7,3 mln taga, insult holatlarini esa 2,3 mln taga kamaytirishi mumkin edi. Yurak xurujlari va insultlar oldini olish mumkin boʻlgan oʻlimlarning katta qismini tashkil etadi.
Taʼsir faqat sogʻliqni saqlash sohasi bilan cheklanmas edi. Tadqiqot bahosiga koʻra, JSST tavsiyalariga rioya qilish xarid qobiliyatidagi farqlar hisobga olinganda, jamiyat uchun yiliga Int$8,4 trln miqdorida foyda keltirgan boʻlardi. Bu tadqiqotga kiritilgan mamlakatlar jami YaIMining 10,7 foiziga teng. Tozaroq havo davolanish xarajatlarini ham kamaytirib, mehnat unumdorligini saqlashga yordam bergan boʻlardi.





