Oʻzbekiston texnikumlari Shvetsiya uchun mehnat migrantlarini tayyorlashni taklif qildi
Oʻzbekiston texnikumlarda Shvetsiya kompaniyalari uchun mutaxassislar tayyorlashni taklif qildi. Tashabbus qonuniy mehnat migratsiyasi boʻyicha muzokaralarda muhokama qilindi.

9 noyabr kuni Stokgolmda Migratsiya agentligi direktori Muhsinxoʻja Abdurahmonov tashabbusni Shvetsiya Migratsiya agentligi bosh direktorining oʻrinbosari Annika Gottberg bilan muhokama qildi. Bunday dasturlarni ishga tushirish boʻyicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Oʻzbekiston tomoni 643 ta texnikumdan iborat tarmoqdan foydalanishni taklif qildi. Bu texnikumlarda qariyb yarim million talaba tahsil oladi. Ular bazasida muayyan shved ish beruvchilarining talablariga mos kurslar tashkil etilishi mumkin. Kurslarda kasbiy tayyorgarlik, shved tilini oʻrganish, shuningdek, Shvetsiya mutaxassislarining taʼlim berish va koʻnikmalarni tekshirishda ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda.
Tomonlar Oʻzbekistonda shved tilidan test oʻtkazish markazini ochish imkoniyatini ham koʻrib chiqdi. Tashabbus migratsiya va mobillik sohasidagi hamkorlikning taxminan 18 oyga moʻljallangan pilot dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Shvetsiya tomoni yangi format bosqichma-bosqich ishlash va oraliq natijalarni baholashni nazarda tutishini taʼkidladi.
Gottbergning aytishicha, Shvetsiyada xorijiy mutaxassislar asosan ish beruvchilar talabi asosida ishga olinadi. 2025 yilda mamlakat qariyb 30 mingta ishlash uchun ruxsatnoma bergan. Eng talab yuqori yoʻnalishlar sifatida axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot ishlab chiqish, muhandislik va texnik mutaxassisliklar qayd etildi.
Muzokaralarda ruxsatnomalarni rasmiylashtirishning shaffofligi, xodimlarni himoya qilish va vijdonsiz vositachilarga qarshi kurash masalalari ham muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirish va texnik muzokaralar oʻtkazishga kelishib oldi. Keyingi qadamlarni loyiha boshqaruv qoʻmitasi koʻrib chiqadi.





