«Qazib olinadigan yoqilgʻi dinozavrlar kabi oʻtmishda qolishi kerak» — BMT bosh kotibi
Antaliyadagi COP31da Antoniu Guterrish qazib olinadigan yoqilgʻidan voz kechishni tezlashtirishga chaqirib, rivojlanayotgan mamlakatlarni qoʻllash uchun «Iqlim adolati pakti»ni taklif qildi.

Sammitda Guterrish xalqaro choralar global isish surʼatiga yetib olmayotganini aytib, hukumatlarni toza energiya manbalariga oʻtishni tezlashtirishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, haroratning 1,5 daraja Selsiy chegarasidan oshishi iqlim boʻyicha harakatlardan voz kechish kerakligini anglatmaydi.
Taklif etilgan «Iqlim adolati pakti» rivojlanayotgan mamlakatlarga zarur mablagʻlardan mahrum boʻlmagan holda qazib olinadigan yoqilgʻidan voz kechishga yordam berishi kerak. Guterrish uning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayta tiklanuvchi manbalarga oʻtish jarayonida ishchilar va jamoalarni himoya qilish, aholining zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, hamyonbop iqlim moliyalashtiruvi hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni sanadi.
Ushbu choralar doirasida Guterrish erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, iqlim ofatlaridan keyingi yordamni tezlashtirish va rivojlanayotgan mamlakatlarga investitsiyalarni koʻpaytirishni taklif qildi. Uning soʻzlariga koʻra, boy davlatlar moliyaviy majburiyatlarini bajarishi kerak. Shuningdek, xalqaro hamjamiyat savdo toʻsiqlari va texnologik tafovutni qisqartirishi lozim.
Guterrish qazib olinadigan yoqilgʻi sohasi vakillarini ilmiy maʼlumotlarni buzib koʻrsatish va siyosiy qarorlarni choʻzishda tanqid qildi. Shuningdek, u hukumatlarni kompaniyalarning ortiqcha foydasiga soliq solishga chaqirib, ifloslantiruvchilar iqlimga yetkazilgan zararni qoplashda ishtirok etishi kerakligini aytdi.
BMT bosh kotibi misol sifatida eng yirik neft kompaniyalari bir chorakda ishlab topgan qariyb 95 milliard dollarni va zaif mamlakatlarga yordam beruvchi xalqaro jamgʻarma olgan taxminan 600 million dollarni keltirdi. Uning soʻzlariga koʻra, neft kompaniyalari shunga teng mablagʻni atigi 14 soatda oladi.





