Goʻsht, sut yoki dukkaklilar: olimlar oqsil manbai bilan testosteron darajasi oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqladi
Sharqiy Finlyandiyadagi 2 546 nafar erkak ishtirokidagi tadqiqot hayvon oqsilini koʻproq isteʼmol qilish testosteronning pastroq, oʻsimlik oqsilini koʻproq isteʼmol qilish esa yuqoriroq darajasi bilan bogʻliqligini koʻrsatdi.

Sharqiy Finlyandiya universiteti olimlari oqsil manbalari bilan gormonlar darajasi oʻrtasidagi bogʻliqlikni taqqoslash uchun 42–60 yoshdagi erkaklar haqidagi maʼlumotlarni tahlil qildi. Tadqiqotda Sharqiy Finlyandiya aholisi — Kuopio Ischaemic Heart Disease Risk Factor Study loyihasi ishtirokchilari qatnashdi.
Ishtirokchilar 1984–1989-yillar oraligʻida toʻrt kun davomida isteʼmol qilgan barcha taomlarini qayd etishdi. Tadqiqotchilar, shuningdek, qon namunalarini oʻrganib, umumiy testosteron va jinsiy gormonlarni bogʻlovchi globulin (SHBG) konsentratsiyasini oʻlchadi.
Hayvon oqsilini eng koʻp isteʼmol qilgan erkaklarda umumiy testosteron darajasi eng kam isteʼmol qilgan ishtirokchilarnikidan oʻrtacha 1,2 nmol/l ga past boʻlgan. Oʻsimlik oqsilida esa teskari bogʻliqlik kuzatilgan: bu koʻrsatkich oʻsimlik oqsilini eng koʻp isteʼmol qilgan guruhda 1,1 nmol/l ga yuqori boʻlgan. Yosh, tana massasi indeksi, turmush tarzi, ovqatlanish va sogʻliq bilan bogʻliq boshqa omillar hisobga olinganidan keyin ham natijalar saqlanib qolgan.
Alohida tahlil sut mahsulotlaridan olinadigan oqsil testosteron va SHBG darajasining pastroqligi bilan bogʻliq boʻlganini koʻrsatdi. Sabzavotlar va don mahsulotlariga kirmaydigan manbalardan olinadigan oʻsimlik oqsili esa, aksincha, testosteronning yuqoriroq darajasi bilan bogʻliq edi. Goʻsht oqsilini isteʼmol qilish SHBG darajasining pastligi bilan bogʻlangan, biroq tadqiqotchilar uning umumiy testosteron bilan bogʻliqligini aniqlamagan.
Sharqiy Finlyandiya universiteti doktoranti Miika Vinne-Ellis farqlar kichik boʻlganini va tadqiqot natijalariga koʻra ularning sogʻliqqa taʼsiri haqida xulosa qilib boʻlmasligini taʼkidladi. Tadqiqot koʻndalang kesimli boʻlgan: ratsion va gormonal koʻrsatkichlar bir davrda baholangan, shu sababli u oqsil isteʼmolining oʻzgarishi testosteron darajasining oʻzgarishiga olib keladimi yoki yoʻqmi, buni koʻrsatmaydi. Natijalarga ovqatlanish va moddalar almashinuvining boshqa xususiyatlari ham taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.





