Estoniya milliy televideniyesi Oʻzbekiston turistik salohiyati haqidagi filmni namoyish etmoqda
ERR Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va turizmi haqidagi hujjatli filmni har hafta namoyish etadi. Film Jupiter platformasida Boltiqboʻyi va Shimoliy Yevropa tomoshabinlari uchun ham mavjud.

Estoniya milliy tele-radio kompaniyasi ERR Oʻzbekistonning tarixiy, madaniy, turistik va gastronomik salohiyati haqidagi filmni har hafta namoyish etmoqda. U «Gastrotrevel – Mehmonga boradi» dasturida efirga uzatiladi va Jupiter raqamli platformasiga joylashtirilgan.
Film Oʻzbekiston elchixonasi Turizm qoʻmitasi koʻmagida 11–16 may kunlari tashkil etgan press-tur yakunlari asosida suratga olingan. Safarda Osakond OU prodyuserlik kompaniyasi va ERR ijodiy guruhi ishtirok etdi.
Filmda mamlakat tarixi, milliy anʼanalari va sayyohlik imkoniyatlari haqida hikoya qilinadi. Toshkent, uning zamonaviy meʼmorchiligi, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Tomoshabinlarga oʻzbek mehmondoʻstligi, milliy urf-odatlar, anʼanaviy taomlar va palov tayyorlash jarayoni ham namoyish etiladi. Film Jupiter platformasiga joylashtirilgani sababli uni nafaqat Estoniya aholisi, balki Boltiqboʻyi va Shimoliy Yevropaning boshqa mamlakatlari auditoriyasi ham koʻrishi mumkin.
Kelgusida filmni televideniyeda qayta namoyish etish va raqamli platformalar orqali tarqatish rejalashtirilmoqda. Kutilishicha, loyiha Oʻzbekistonning sayyohlik brendini Shimoliy Yevropada targʻib qilish va ushbu mintaqadan keladigan turistlar oqimini oshirishga yordam beradi.
Yana oʻqing

Dart Veyderning yorugʻlik qilichi rekord darajadagi 4,875 mln dollarga sotildi
Madaniyat15:04
196 mamlakatdan ishtirokchilar qatnashadigan Beast Gamesning uchinchi mavsumi 16 dekabrda chiqadi
Madaniyat11:35


