Bu kuz Koksaki virusidan xavotirlanish kerakmi? Sanepid xizmati izohi
Sanepid xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov Koksaki bilan zararlanish xavfi mavsumiy oshishini aytdi, ammo kasallik odatda yengil kechadi, ogʻir asoratlar esa kam uchraydi.

Otabekovning soʻzlariga koʻra, sovuq tushishi bilan Koksaki virusini yuqtirish osonlashadi. Biroq aksariyat hollarda infeksiya jiddiy xavf tugʻdirmaydi va yengil kechadi.
Oʻzbekistonda Koksaki virusi alohida statistikada qayd etilmaydi: u enteroviruslar guruhiga kiradi va ular bilan birga hisobga olinishi mumkin. Infeksiya mamlakat uchun unchalik xos emas; u koʻproq Yevropa, Lotin Amerikasi va Amerikaning gʻarbiy hududlarida aniqlanadi.
Kasallik shamollash alomatlari bilan namoyon boʻlishi, baʼzan esa ichak faoliyatida buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. A turida yuzda, lablarda, burunda va barmoqlarda pufakchalar paydo boʻladi. B turi ichak bilan bogʻliq belgilarni keltirib chiqarishi, ayrim hollarda esa ichki aʼzolarni zararlashi mumkin. Agar tana harorati toʻrt kundan ortiq pasaymasa, infeksiyadan shubhalanish mumkin.
Otabekov kasallik kamdan kam hollarda pnevmoniya yoki meningitga olib kelishini, ammo bunday oqibatlar xavfi nihoyatda pastligini taʼkidladi. Davolash alomatlarni bartaraf etishga qaratiladi. Profilaktika uchun qoʻllarni yaxshilab yuvish, infeksiyaning dastlabki belgilari paydo boʻlganda esa atrofdagilar bilan aloqani toʻxtatish kerak.





