196 mamlakatdan ishtirokchilar qatnashadigan Beast Gamesning uchinchi mavsumi 16 dekabrda chiqadi
MrBeast boshchiligidagi yangi musobaqalar xalqaro maydonda oʻtkaziladi, gʻolib esa $5 mln oladi.

Prime Video «MrBeast oʻyinlari: jahon chempionlari» (Beast Games: World Champions) realiti-shousining uchinchi mavsumi premyerasi sanasini eʼlon qildi. Dastlabki uch qism 16 dekabrda chiqadi, shundan soʻng har hafta ikkita yangi qism namoyish etiladi. Mavsum finali 13 yanvarga rejalashtirilgan.
Jeyms Donaldson, yaʼni MrBeast, boshchiligidagi yangi mavsumda 196 mamlakat nomidan ishtirokchilar qatnashadi. Ular bosh sovrin — $5 mln uchun kuch, chaqqonlik va strategik fikrlash boʻyicha sinovlardan oʻtishlari kerak boʻladi.
Eʼlon qilingan tizerda xalqaro musobaqa maydoni, Rimdagi Kolizey va oʻn minglab tomoshabinlar toʻplangan stadion koʻrsatilgan. Ijodkorlar, shuningdek, kutilmagan burilishlar, pora berish, xiyonatlar hamda turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar oʻrtasidagi kurashni vaʼda qilmoqda.
Yangi mavsum rejalari San-Diyegodagi TwitchCon tadbirida Prime Videoʻning maxsus taqdimoti vaqtida eʼlon qilindi. Shou dunyoning 240 dan ortiq mamlakat va hududida faqat ushbu platformada mavjud boʻladi. Donaldson boshlovchi va ijrochi prodyuser sifatida qaytadi. Loyiha rejissyori yana Tayler Konklin boʻladi.
Yana oʻqing

Dart Veyderning yorugʻlik qilichi rekord darajadagi 4,875 mln dollarga sotildi
Madaniyat15:04
Oʻzbekiston va Qozogʻiston saygʻoqlarni asrash boʻyicha saʼy-harakatlarini birlashtiradi
Madaniyat13-noyabr, 19:12


