Turkiya Bosh shtabi delegatsiyasi Oʻzbekiston Mudofaa vazirligida muzokaralar oʻtkazdi
Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi, armiya generali Selchuk Bayraktarogʻlu Oʻzbekiston Mudofaa vazirligida muzokaralar oʻtkazdi.

Rasmiy qabuldan soʻng u mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Zaynobiddin Iminov bilan uchrashdi.
Uchrashuvni ochar ekan, Turkiya delegatsiyasi rahbari oʻzbek tomoniga iliq kutib olish va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikning hozirgi rivojlanishini muhokama qildi, amalga oshirilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi va kelgusidagi vazifalarni belgiladi. Shuningdek, hamkorlik borasida toʻplangan salohiyatdan yanada toʻliq foydalanish, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va birgalikdagi ishning yangi yoʻnalishlarini ochish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif doirasida turkiyalik harbiylar Oʻzbekiston Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida boʻldi. Ularni universitet boshligʻining birinchi oʻrinbosari general-mayor Farhodjon Shermatov kutib oldi. U mehmonlarga oliygoh faoliyati va uning asosiy vazifalari haqida soʻzlab berdi.
Delegatsiyalarga universitetning oʻquv-moddiy bazasi, harbiy kadrlarni tayyorlash sharoitlari va undagi oʻquv jarayonining tashkil etilishi namoyish qilindi.





