Oʻzbekistonda ofatlar tibbiyoti tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi yaratildi
Oʻzbekistonda ilk bor ofatlar tibbiyoti konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat tez va shoshilinch yordam xizmatlarini yagona boshqaruv tizimiga birlashtirishni taklif qiladi.

Konsepsiya loyihasi Toshkentda mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi davra suhbatida muhokamaga qoʻyildi. Unda Rossiya, Turkiya va Qozogʻiston ekspertlari, JSST, GIZ va KOFIH vakillari qatnashdi.
Konsepsiyada yangi alohida tuzilma yaratish nazarda tutilmagan. Tez va shoshilinch tibbiy yordam, sanitariya aviatsiyasi hamda boshqa ixtisoslashgan xizmatlar imkoniyatlarini birlashtirish rejalashtirilmoqda. Ularning faoliyati chaqiruvni qabul qilishdan tortib yordam koʻrsatish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish va kasalxonaga yotqizishgacha yagona algoritm asosida muvofiqlashtiriladi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktorining oʻrinbosari Nozimjon Dalibayevning aytishicha, loyiha markaziy elementi favqulodda vaziyatlarda tibbiy xizmatlar harakatini boshqarishning yagona tizimi boʻladi.
Hujjatda amaldagi koll-markazlarni bosqichma-bosqich tezkor boshqaruv markazlariga aylantirish ham koʻzda tutilgan. Bu chaqiruvlarni taqsimlash, tibbiy brigadalar ishini muvofiqlashtirish va bemorlarni mos shifoxonalarga yoʻnaltirish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.
Taklif etilayotgan tizim respublika, hududiy va mahalliy darajalarda ishlaydi. Uni nafaqat yirik tabiiy ofatlar, balki yoʻl-transport hodisalari, yongʻinlar, ogʻir jarohatlar va hayot uchun xavfli boshqa holatlarda ham qoʻllash rejalashtirilmoqda.
Loyihaning alohida boʻlimlari sanitariya aviatsiyasini rivojlantirish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish va kadrlar tayyorlashga bagʻishlangan. Xorijiy ekspertlar muntazam mashgʻulotlar oʻtkazish, xizmatlarni zarur vositalar bilan jihozlash va ularni moliyalashtirishni taʼminlashni tavsiya qildi. Hujjatni tayyorlashda Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar tajribasi oʻrganildi.





