Gollandiyadagi mojaro: AZda 15 yoshli futbolchilar safda haydalib, peyntbol sharlari bilan oʻqqa tutildi va tovuq soʻyishga majbur qilindi
Niderlandiyaning eng yaxshi akademiyasi tarbiyalanuvchilari juda yumshoq boʻlib qolgan, degan xulosaga kelib, AZning 15 yoshli futbolchilarini sobiq harbiylar ixtiyoriga topshirdi. NRC va Trouw nashrlarining shov-shuvli surishtiruvi xulosalarini taqdim etamiz: yogʻoch xodalar, peyntbol va kechki ovqat uchun oʻsmirlarning oʻzlari soʻyishi kerak boʻlgan tovuq.

AZ Alkmaar akademiyasi Yevropadagi eng muvaffaqiyatli akademiyalardan biri. 2023 yilda uning U19 jamoasi UEFA Yoshlar ligasida gʻolib chiqdi: turnir davomida «Real»ni (4:0) va «Barselona»ni (3:0) yirik hisobda magʻlub etdi, finalda esa «Hayduk»ni (5:0) yutdi. AZgacha bu turnirda birorta ham niderlandiyalik klub gʻolib boʻlmagan. Ammo 2025 yil martida NRC va Trouw gazetalari surishtiruv eʼlon qildi va shundan keyin akademiya tizimiga boshqacha qarala boshlandi. Jurnalistlar besh oy davomida material toʻplab, 45 kishi bilan suhbatlashdi. Surishtiruv haqida Sports.ru yozmoqda.
Bu voqeaning ildizlari 2009 yilga borib taqaladi. Oʻsha paytda klubning asosiy homiysi boʻlgan DSB banki bankrot boʻldi va AZ oʻz tarbiyalanuvchilariga tayanishga qaror qildi. Bu qaror oʻzini oqladi: tasvirlangan voqealardan uch oy oldin akademiya ketma-ket ikkinchi yil mamlakatdagi eng yaxshi akademiya deb topildi. Biroq klubda tanqidiy gaplar ham eshitilardi: goʻyoki bitiruvchilar haddan tashqari itoatkor va toʻgʻri tarbiyalanar, muhim oʻyinlarda esa jismonan qattiqroq raqiblarga yutqazib qoʻyardi. Rahbariyat oʻsmirlarni chiniqtirish kerak, degan qarorga keldi.
2016 yil avgustida U16 jamoasining 19 nafar futbolchisini avtobusga oʻtqazib, ularni Walibi Holland koʻngilochar bogʻiga olib borishlarini aytishdi. Telefonlari olib qoʻyildi, eshiklar esa faqat toʻrt yarim soatdan keyin — Germaniyaning Eyfel oʻrmonlarida ochildi. Ularni u yerda uch nafar sobiq harbiy boshchiligidagi uch kunlik lager kutib turardi. Bu gʻoya futbolchilardan birining otasi — sobiq maxsus boʻlinma askari va Special Forces in Business kompaniyasida instruktor boʻlib ishlagan kishiga tegishli edi. Kompaniya egasi keyinchalik klub oʻsmirlar hammasini tashlab ketgisi keladigan qilib tuzilgan «harbiy» formatni oʻzi buyurtma qilganini tan oldi.
Futbolchilar oʻrmon boʻylab yelkalarida yogʻoch xodalar bilan saf tortib yurishdi, arqonga tirmashishdi, vaqtga qarab chodir tikishdi va koʻlda mashqlar bajarishdi, garchi ularning ayrimlari suzishni bilmasa ham. Kechasi ularni mashgʻulotlar uchun uygʻotishardi, qoidani buzgan futbolchi esa yerga yotqizilgan jamoadoshlarining orqalari ustidan yurishga majbur boʻlardi. Peyntbol qurollari bilan mashq ham boʻldi: futbolchilar murabbiyni oʻqqa tutiladigan hududdan olib oʻtishdi. Shundan keyin bolalarning badanida koʻkarishlar qoldi, bir futbolchining boʻyniga va Axilles payiga oʻq tegdi.
Eng ogʻir kechgan voqea oxirgi kechki ovqatda yuz berdi. Kartoshka fri tortildi — akademiyada qatʼiy ovqatlanish rejimi va yogʻ foiziga beriladigan eʼtibor sabab odatda taqiqlangan mahsulot. Unga qoʻshib tovuq berilishi kerak edi, ammo uni oʻsmirlarning oʻzlari soʻyib, pishirishlari lozim edi. Oʻsha yerda boʻlgan klub xodimi bundan hayratlandi, biroq aralashmadi. Rad etganlar koyildi, oxir-oqibat bolalarning bir qismini koʻndirishdi. Darvozabon Mes Bakker keyinchalik bir necha hafta davomida tovuqqa qaray olmadi.
Ota-onalar norozilik bildirishdi, biroq asosan jim qolishdi. Oʻsmirlarning oʻzlari esa jamoada qolish imkoniyatidan ayrilib qolishdan qoʻrqib, ota-onalaridan aralashmaslikni soʻrashdi. Akademiya rahbari Paul Brandenburg oxir-oqibat harbiy yondashuv haddan oshganini tan oldi va qushlarni soʻyishni nomaqbul deb atadi. Klub bunday lagerlardan voz kechganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, AZ surishtiruvni biryoqlama deb atadi.





