Pegasus Airlines Istanbuldan Buxoro, Andijon va Termizga parvozlarni yoʻlga qoʻyadi
Turkiyaning Pegasus Airlines aviakompaniyasi Istanbuldan Oʻzbekistonning uch hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yoʻlga qoʻymoqda.

Buxoroga parvozlar 14-dekabrda, Andijonga — 2026-yil 18-dekabrda, Termizga esa 2027-yil 1-martda boshlanadi. Yoʻnalishlar 11-noyabr kuni Toshkentda Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda taqdim etildi.
Dastlab Buxoro va Termizga haftasiga uch martadan, Andijonga esa ikki marta parvoz amalga oshiriladi. Parvozlar Istanbuldagi Sabiha Gokchen aeroportidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Turizm qoʻmitasi Marketing boshqarmasi boshligʻi Aziza Mirzhalievaning soʻzlariga koʻra, yangi reyslar hududlarga xorijiy sayyohlarni jalb qilishga yordam beradi. Qoʻmita va aviakompaniya hamkorlikdagi reklama kampaniyasi, press-turlar va road-shoular oʻtkazish boʻyicha kelishib oldi.
Pegasus aviakompaniyasi 2027-yilga kelib, uning reyslari mamlakatga qariyb 200 ming nafar qoʻshimcha sayyoh olib kelishiga umid qilmoqda. Aviakompaniya Oʻzbekistonning boshqa shaharlariga ham parvozlarni boshlash ehtimolini istisno qilmayapti.
Hududlar aholisi ham bundan manfaat koʻradi: ular Istanbulda samolyot almashtirish orqali London, Parij, Berlin, Rim, Barselona va Yevropaning boshqa shaharlariga yetib olishlari mumkin.





