Google Geminiʼni tibbiy hujjatlar bilan ishlashga yoʻnaltirmoqda
Google Cloud Gemini for healthcare — mutaxassislar nazoratida turli tizimlardagi maʼlumotlarni birlashtiruvchi tibbiy va maʼmuriy jarayonlar uchun AI tizimini taqdim etdi.

Google Cloud Gemini for healthcare tizimini dastlabki foydalanish rejimida ishga tushirganini eʼlon qildi. Tizim tibbiyot tashkilotlari va sugʻurta kompaniyalari uchun moʻljallangan boʻlib, klinik, operatsion va maʼmuriy maʼlumotlarni yagona ish jarayonida bogʻlashi kerak.
Platforma elektron tibbiy kartalar, billing tizimlari, klinik tavsiyalar va davlat maʼlumotlar toʻplamlaridan axborot oladi. Shu asosda sunʼiy intellekt keyingi qadamlarni tavsiya qilishi va koʻp bosqichli vazifalarni bajarishi mumkin: masalan, tibbiy yozuvlarni umumlashtirish, qabul uchun maʼlumot tayyorlash, sugʻurta qoplamasini tekshirish va bemorga taqdim etilishi mumkin boʻlgan imtiyozlarni aniqlash. Google bunday amallar belgilangan doirada va zarur hollarda mutaxassislar ishtirokida bajarilishini taʼkidlamoqda.
Gemini for healthcare tibbiy axborotni himoya qilishga oid AQSh qonuni — HIPAA talablarini qoʻllab-quvvatlaydi. Kompaniya muhim qarorlar malakali xodimlar tomonidan qabul qilinishi kerakligini ham bildirdi. Tizim Google Workspace, Microsoft 365, ServiceNow hamda Salesforce Health Cloud kabi ixtisoslashtirilgan platformalarga ulanadi. U Gemini Enterprise Standard va Gemini Enterprise Plus mijozlari uchun mavjud boʻladi.
Ishga tushirishda ishtirok etayotgan tashkilotlar qatorida Blue Cross Blue Shield of Massachusetts, Hartford HealthCare, HCA Healthcare, Highmark Health, Northwell Health, Optum va Stanford School of Medicine bor. Google rejasiga koʻra, avtomatlashtirish maʼmuriy guruhlar yuklamasini kamaytirib, bemorlar bilan ishlash uchun koʻproq vaqt boʻshatishi kerak.





