Taksi yoʻlovchilarining haydovchilarni bezovta qiladigan odatlari sanaldi
Taksi haydovchilarini yoʻlovchilarning kechikishi, qoʻpolligi, chekish, karnay orqali gaplashishi, salonda axlat qoldirishi va yoʻl qoidalarini buzishni soʻrashi bezovta qiladi.

Yoʻlovchilarning bezovta qiladigan odatlari qatoriga kechikish, qoʻpollik, salonda chekish, shuningdek, haydovchining ruxsatisiz ovqatlanish va ichimlik ichish kiradi. Karnay orqali gaplashish ham alohida qayd etiladi: yoʻlovchilarning suhbatlari haydovchilar koʻpincha yozib boradigan safar videolariga tushib qolishi mumkin.
Magnitolani mustaqil boshqarishga urinish yoki haydovchining roziligisiz unga telefon ulash ham norozilik uygʻotadi. Safardan keyin yoʻlovchilar baʼzan axlat va ushoqlarni qoldirib ketadi, eshikni qattiq yopish ham odobsizlik deb hisoblanadi.
Deyarli har beshinchi yoʻlovchi belgilangan vaqtga kechikadi. Taksi xizmatlarida kutishning imtiyozli muddati koʻzda tutilgan, biroq muntazam kechikishlar haydovchining vaqti va pulini oladi. Bunda haydovchi yoʻlovchini buyurtma berishda koʻrsatilgan joyda kutadi, yoʻlovchiga qulayroq boʻlib qolgan boshqa joyda emas.
Xavfsizlik qoidalarining buzilishiga tezroq haydash yoki yoʻl harakati qoidalariga eʼtibor bermaslik haqidagi iltimoslar ham kiradi. Haydovchilar yoʻlovchining xavfsizlik kamarini taqishdan bosh tortishidan ham jahli chiqadi: xavfsizlik kamari barcha yoʻlovchilar uchun majburiy. Bolalarni avtomobil oʻrindigʻi yoki boostersiz tashish ham alohida muammo hisoblanadi. Bunday vaziyatda haydovchi safardan bosh tortishga haqli.
Mast yoʻlovchiga duch kelinganda ham haydovchi safardan bosh tortishi mumkin. Agar odam hushsiz holatda uxlab qolsa, haydovchi u uygʻonadimi yoki unga yordam kerakmi, shuni aniqlashiga toʻgʻri keladi.





