Greta Tunberg Turkiyadagi COP31 sammitini ikkiyuzlamachilik va lobbichilar oqimida aybladi
Iqlim faoli Greta Tunberg 2021-yildan beri ilk bor COP sammitiga kelib, yetakchilarni foyda va hokimiyatdan koʻra insonlar hamda sayyorani ustun qoʻyishga chaqirdi.

Ikki hafta davom etadigan COP31 muzokaralari Antaliyada boshlandi va 20-noyabrgacha davom etadi. Tunberg mezbon davlatlar sammitlardan oʻz imijini yaxshilash uchun foydalanayotganini, muzokaralarga esa qazib olinadigan yoqilgʻidan daromad koʻradigan sohalar lobbichilari taʼsir oʻtkazayotganini aytdi.
U iqlim inqirozi «hamma narsaga tahdid solayotganini» aytib, kamchilikning foydasi uchun emas, insonlar manfaatini koʻzlab harakat qilishga chaqirdi. Faolning soʻzlariga koʻra, allaqachon erishilgan natijalardan foydalanish va hali saqlab qolish mumkin boʻlgan narsalarni asrab qolish kerak.
Muzokaralarning asosiy mavzulari transport, binolar va ogʻir sanoatni elektrlashtirish, shuningdek, chiqindilarni kamaytirish boʻlishi kerak. COP31 hamraislari Turkiya va Avstraliya qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish hamda quyosh panellarini oʻrnatishni ilgari surmoqda, biroq har ikki davlat hamon qazib olinadigan yoqilgʻiga, ayniqsa koʻmirga, kuchli darajada bogʻliq.
Turkiya 2035-yilga borib elektr energiyasi jahon energiyasi isteʼmolining 35 foizini taʼminlashini istamoqda. Bugungi kunda bu koʻrsatkich 23 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, muzokaralardan yirik burilishlar kutilmayapti: neft narxlarining oshishi va geosiyosiy keskinlik mamlakatlarga xalaqit bermoqda.





