Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 27-noyabr 2026-yil
Asosiy yangiliklar.
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Sport

Shaxmat toji uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi

Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

27-noyabr, 12:50По-русски

Read in English

Jenevada oʻtgan partiya qariyb besh soat davom etdi. Gukesh qora donalarda oʻynadi va debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi: tayyorgarligi tufayli Sindarovning yurishlariga tez javob qaytardi. 15 yurishdan soʻng hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.

Birinchi vaqt nazoratidan oldin Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning bor-yoʻgʻi sakkiz soniyasi qolgandi, biroq u Bb4 yurishini topib, bevosita xavfni bartaraf etdi. Qoʻshimcha vaqt berilganidan soʻng oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum qilish imkoniyatlarini chekladi.

Ruhlar almashilgach, taxtada turli rangdagi fillar qoldi va bu gʻalaba qozonish imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh hujumni kuchaytirish imkoniyatlarini izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Shohlar yurishlari takrorlanganidan soʻng raqiblar durangga rozi boʻlishdi.

Keyingi partiya 28-noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media