«Bu faqat asab emas»: stress taʼsiri va qachon shifokorga murojaat qilish kerak
Psixiatr Zarrina Rasulova surunkali stress organizmga qanday taʼsir qilishini va qaysi alomatlarda shoshilinch tibbiy baholash zarurligini tushuntirdi.

Rasulovaning aytishicha, stress simpatik asab tizimini faollashtiradi: yurak urishi va nafas tezlashadi, qon bosimi koʻtarilishi, mushaklar taranglashishi mumkin. Bu tahdid yoki kuchli zoʻriqishga tabiiy javob.
Surunkali stress kasalliklarning yagona sababi emas, ammo buzilishlar xavfini oshirib, mavjud holatlarni ogʻirlashtirishi mumkin. U uyqu va hazm muammolari, bosh va mushak ogʻriqlari, xavotir hamda depressiv buzilishlar bilan bogʻliq; yurak-qon tomir tizimiga ham taʼsir qilishi mumkin.
Xavotir yurak urishi, titroq, terlash, bosh aylanishi, havo yetishmasligi va qorindagi noqulaylikni keltirib chiqarishi mumkin. Alomatlarga qarab sababni aniqlab boʻlmaydi: bunday belgilar somatik kasalliklarda ham uchraydi. Ular ilk bor paydo boʻlsa, kuchaysa yoki takrorlansa, tekshiruvdan oʻtish kerak.
Koʻkrakdagi kuchli yoki toʻxtamaydigan ogʻriqni, ayniqsa nafas qisishi, sovuq ter, koʻngil aynishi yoki kuchli bosh aylanishi bilan kechsa, xavotirga yoʻyib boʻlmaydi. Tananing bir tomonida toʻsatdan holsizlik yoki uvishish, nutq, koʻrish yoxud muvofiqlashtirish buzilganda ham shoshilinch yordam kerak. Xavotir ish, uyqu yoki muloqotga xalaqit bersa, mutaxassis yordamiga murojaat qilish lozim.





