Sirdaryo viloyati Yaponiyada ishlash uchun mutaxassislar tayyorlaydi
Sirdaryo viloyati hokimligi Yaponiyaning Onodera User Run kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Kompaniya mutaxassislarni oʻqitadi va ularni Yaponiyadagi korxona hamda tashkilotlarga ishga joylashtiradi.

Hujjat viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Donyor Kadirovning kompaniya rahbari Jun Kato bilan uchrashuvi yakunlari boʻyicha imzolandi.
Hozirda Oʻzbekistonda 16 ta yapon kompaniyasi malakali kadrlarga ehtiyoj borligini bildirgan. Kelasi yili mamlakatga Yaponiyadan yana bir necha oʻnlab kompaniya kirib kelishi kutilmoqda. Ularga minglab mutaxassislar kerak boʻlishi mumkin.
Kadirov texnikumlardagi kasbiy taʼlimni yapon tilini oʻrganish bilan uygʻunlashtirishni taklif qildi. Uning aytishicha, oʻquv dasturlarini xorijiy ish beruvchilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda tuzish kerak. Tomonlar kompaniyalarning aniq buyurtmalari asosida tibbiyot, logistika, sanoat va haydovchilik xizmatlari uchun mutaxassislar tayyorlashga kelishib oldi.





