«Ad-Dustur» Oʻzbekiston Prezidenti Mirziyoyevning Iordaniyaga tashrifiga maxsus son chiqardi
Iordaniyaning «Ad-Dustur» gazetasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ammanga davlat tashrifi munosabati bilan maxsus son chiqardi. Unda ikki davlat aloqalari rivoji yoritilgan.

25 noyabr kuni Ammonda «Ad-Dustur» gazetasining Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat tashrifiga bagʻishlangan maxsus soni chiqdi. Son «Oʻzbekiston va Iordaniya: oʻzaro hurmat va doʻstlikka asoslangan 33 yillik munosabatlar» deb nomlangan.
Unda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va raqamli hamkorlikka oid materiallar berilgan. Gazeta 2025-yil 25–26 avgust kunlari qirol Abdulla II ibn al-Husaynning Samarqandga tashrifi ikki davlat munosabatlarini, nashr bahosiga koʻra, keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqqanini qayd etgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan yoʻlga qoʻyilgan Amman–Toshkent muntazam aviaqatnovlari va oʻzaro 30 kunlik vizasiz rejim yoritilgan. Tahliliy materiallarda 2021–2025-yillarda savdo hajmining 8,5 baravar oshgani hamda qariyb 300 ta tovar toifasi boʻyicha imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni kelishish masalalari koʻrib chiqilgan.
Songa Oʻzbekiston hukumati aʼzolarining maqolalari, Iordaniya kutubxonalariga topshirilgan kitoblar va fotoalbomlar haqidagi materiallar, shuningdek, «Yangi Toshkent», Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston shaharlari sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan maqolalar kiritilgan.





