Oʻzbekistonda barcha poyezd va ichki aviaqatnovlar jadvali qayta koʻrib chiqiladi
Shavkat Mirziyoyev aholi va sayyohlar ehtiyojini hisobga olib, ichki poyezdlar va aviaqatnovlar jadvalini bir oy ichida qayta koʻrib chiqishni topshirdi.

Bir oy ichida masʼul shaxslarga barcha ichki poyezdlar va aviaqatnovlar jadvalini aholi hamda sayyohlar ehtiyojiga moslashtirish uchun qayta koʻrib chiqish topshirildi.
Hozir Toshkent–Chinorkent yoʻnalishidagi elektr poyezdlari Charvoqqa qisqa muddatga kelgan sayyohlarga sayyohlik faoliyati uchun atigi 4 soat qoldiradi. Toshkentdan Shahrisabzga Afrosiyob tezyurar poyezdi faqat yakshanba kunlari qatnaydi, shu sababli sayyohlarning diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishi uchun 5 soat ajratiladi.
Uchrashuvda havo turizmini rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Samarqand, Buxoro, Xorazm, Boysun, Aydarkoʻl va Samsarak qishlogʻida havo sharlarida, paraplan va deltaplanlarda parvozlarni tashkil etish mumkin. Oʻzbekistonda bunday xizmatlarga ruxsatnoma olish taxminan 300 mln soʻm, Turkiyada 13 mln soʻm, Dubayda 10 mln soʻm turadi, Misrda esa bunday toʻlov undirilmaydi. Masʼullarga kichik aviatsiyani rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Kelasi yildan bunday xizmatlar har bir hududning kamida bitta manzilida yoʻlga qoʻyilishi kerak.





