2027-yilgi «Grammy» nominatsiyalarida eʼtibordan chetda qolgan va kutilmagan holatlar
Mukofot tarixida ilk bor eng koʻp nominatsiya olgan olti sanʼatkorning barchasi ayollardir: Rey 11 ta, Rozaliya — toʻqqizta, Fibi Bridjers, Miranda Lambert, Ella Langli va Olivia Rodrigo esa yettitadan nominatsiya oldi.

Koʻpchilik Noua Kahan albom, yozuv va yil qoʻshigʻi uchun beriladigan uchta asosiy kategoriyada nomzodlar qatoridan joy oladi, deb kutgandi. Ammo yakunda u faqat The Great Divide: The Last of the Bugs (deluxe edition) albomi uchun eng yaxshi zamonaviy folklor albomi nominatsiyasini oldi. Jek Antonoff uchta kategoriyada taqdim etilgan, biroq u ketma-ket uchinchi yil klassik boʻlmagan musiqa yoʻnalishida yil prodyuseri unvoni uchun nomzodlar roʻyxatiga kiritilmadi.
2021-yilda vafot etgan jazz pianinochisi va bastakori Chik Koreaga vafotidan keyin nominatsiyalar berildi. Uning Forever Yours: The Farewell Performance (Live) albomi eng yaxshi jazz instrumental albomi kategoriyasida, «Overjoyed (Live)» kompozitsiyasi esa eng yaxshi aranjirovka uchun nomzod boʻldi.
Eng yaxshi yangi sanʼatkor kategoriyasida kutilmaganda Anjin de Puatrin, Remi Vulf va Uomak Sisters paydo boʻldi. Uomak Sisters sakkiz yil avval bunday nominatsiyani olgan Xloi va Hallidan keyin nomzodlar orasiga kirgan ilk opa-singillar guruhi boʻldi. Nominatsiya olishini kutgan Malkolm Todd va Odri Hobert esa roʻyxatga kiritilmadi. Eʼtirof etilmagan boshqa nomzodlar qatorida Sem Fender va Role Model ham bor.
Sienna Spiro eng yaxshi yangi sanʼatkor sifatida kutilgan nominatsiyani oldi, biroq uning «Die on This Hill» qoʻshigʻi yil yozuvi va yil qoʻshigʻi kategoriyalarida nomzodlar qatoriga kiritilmadi. «Wicked: For Good» albomi «Oskar» nominatsiyalaridan quruq qolgach, «Grammy»da uchta yoʻnalishda imkoniyatga ega boʻldi: eng yaxshi soundtrack toʻplami, vizual media uchun qoʻshiq va anʼanaviy pop-vokal ijrosi.
Yakuniy ovoz berish bosqichi 10-dekabrdan 7-yanvargacha davom etadi. Marosim 7-fevral kuni boʻlib oʻtadi; uning boshlanish vaqti AQSh sharqiy vaqti bilan 19:00 ga koʻchirildi.
Yana oʻqing

Jon Lennon 1968-yilgi avval eʼlon qilinmagan The Beatles suratlarida saksofon chalmoqda
Madaniyat09:53
Bred Pitt va Anjelina Joli ayrilganidan 10 yil oʻtib nizoni hal qildi
Madaniyat26-noyabr, 12:55


