Zumerlar rahbarlikka kelmoqda: Z avlodi menejerlar orasida bumerlardan oʻzib ketadi
Z avlodi vakillari AQSh ishchi kuchining qariyb chorak qismini tashkil etadi va rahbarlarning 12 foizini egallab turibdi.

Bu Indeed va Glassdoor kompaniyalarining qoʻshma hisobotida qayd etilgan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, kelasi yili ular menejerlar soni boʻyicha nafaqaga chiqayotgan baby-bumerlardan, 2033-yilda esa X avlodidan oʻzib ketadi.
Katta zumerlar 2027-yilda 30 yoshga kiradi. Ularning boshiga pandemiya, sunʼiy intellektning kengayishi va ish boshlash uchun moʻljallangan vakansiyalarning qisqarishi toʻgʻri keldi. Shunga qaramay, ular boshqalarga qaraganda koʻproq ish bilan taʼminlangan va xuddi shu yoshdagi millenniallarga nisbatan karyeraga optimistikroq qaraydi, deya qayd etadi Indeed Hiring Lab vakili Laura Ulrix.
Millenniallar hozircha boshqaruv lavozimlarining 38 foizini egallab turibdi. Avlodlarning ustuvorliklari farq qiladi: millenniallarning uchdan biridan koʻprogʻi va zumerlarning 29 foizi masofadan ishlashni afzal koʻradi.
Zumerlarning 58 foizi mentor istaydi, biroq ish beruvchi ularning faqat har toʻrtinchisiga mentor beradi. Ular eng avvalo muloqot koʻnikmalarini rivojlantirishga intiladi. Ulrixning aytishicha, bunga pandemiya yillari taʼsir qilgan.
Rahbarlikka oʻtish hammaga ham oson kechmaydi. 22 yoshli britaniyalik Ben Uaybrou oʻzidan yoshi katta hamkasblariga rahbar boʻldi, biroq koʻp oʻtmay avvalgi lavozimiga qaytishni soʻradi. U keyinroq boshqaruvga qaytishni rejalashtirmoqda, hozircha esa, uning soʻzlariga koʻra, yosh rahbarlarga koʻmak yetishmaydi.





