UzOman ustav kapitalini $500 mln gacha oshirish rejalashtirilmoqda
UzOman kapitalini ikki baravar oshirib, $500 mln gacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Kelishuv Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haytsam bin Toriq Ol Saidning Maskatdagi muzokaralarida erishildi.

Tomonlar Oʻzbekiston–Ummon investitsiya kompaniyasi kapitalini ikki baravar oshirishga kelishdi. Bu Oʻzbekiston va Ummonning qoʻshma investitsiya loyihalarini faolroq ilgari surish imkonini berishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, muzokaralarda Ummon kapitali ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya fondini ishga tushirishni tezlashtirishga kelishildi.
Uzbek-Oman Investment Company (UzOman) — Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi qoʻshma investitsiya kompaniyasi. Uning taʼsischilari — Ummon Investitsiya boshqarmasi va Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi. Kompaniyaning 75 foizi Ummon tomoniga, 25 foizi oʻzbek jamgʻarmasiga tegishli.
UzOman sanoat, moliyaviy xizmatlar, logistika va infratuzilmaga investitsiya kiritadi. Boshqa yoʻnalishlar qatorida koʻchmas mulk, chakana savdo, mehmonxona biznesi va taʼlim, shuningdek qurilish materiallari hamda qishloq xoʻjaligi tovarlari bor.





