Merts: Ukrainani 2008-yilda NATOga qabul qilmaslik xato, urushning oldini olish mumkin edi
Germaniya kansleri Fridrix Merts Ukrainani 2008-yilda NATOga qabul qilmaslik xato boʻlganini aytib, Rossiya bosqinining oldini olish ehtimol mumkin boʻlganini bildirdi.

Berlindagi matbuot anjumanida Merts Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishining oldini olish imkoniyatini NATOning Buxarest sammitidagi qaror bilan bogʻladi. Uning aytishicha, ittifoqchilar AQSh prezidenti Jorj Bush-kichikning Kiyevga alyansga qoʻshilish yoʻlini ochish taklifini qoʻllab-quvvatlamay, xato qilgan.
Uchrashuv urushni tugatish boʻyicha AQSh boshchiligidagi muzokaralar fonida oʻtdi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina aʼzoligini yana muhokama qilishdan oldin tinchlik muzokaralarida muvaffaqiyatga erishish kerakligini aytdi. Uning taʼkidlashicha, bunday aʼzolik uzoq muddatli istiqbol boʻlib qolmoqda: alyans mamlakatlari bu masalada yakdil emas.
Ryutte, shuningdek, NATO tarkibini faqat alyansning 32 davlati belgilashi mumkinligini aytib, tashkilotning 1997-yildagi konfiguratsiyasiga qaytishi ehtimolini rad etdi. Xabarlarga koʻra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni tugatish sharti sifatida shuni talab qilmoqda. Ryutte Rossiya faolligining kuchayishini uning qoʻshinlari koʻrayotgan talafotlar bilan bogʻladi va NATOning Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish zarurligi haqidagi pozitsiyasini tasdiqladi.





