Nukusda Telegram orqali qariyb 1 mlrd soʻm oʻgʻirlangani aniqlandi
Nukusda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Telegramʼdagi zararli APK-fayllar orqali bank kartalaridan qariyb 1 mlrd soʻm oʻgʻirlangani haqidagi taxminni tergov qilmoqda. Gumonlanuvchi ushlandi.

Oʻzbekiston IIV kiberpolitsiyasi maʼlumotlariga koʻra, gumonlanuvchilar Telegram orqali APK-fayllarni tarqatib, fuqarolarning bank kartalaridagi pullarni oʻgʻirlagan boʻlishi mumkin. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, noqonuniy oʻzlashtirilgan mablagʻlar miqdori 1 mlrd soʻmga yaqinlashgan.
Sxema ishtirokchilari pullarni naqdlashtirish uchun qimmat smartfonlar sotib olib, ularni qayta sotgan. Mablagʻlarning bir qismini nomaʼlum shaxslarning onlayn mikrozayomlarini toʻlashga yoʻnaltirgan, qolganini esa bukmekerlik akkauntlariga oʻtkazgan. Fosh boʻlib qolmaslik uchun gumonlanuvchilar ijaraga olingan mobil telefonlarni muntazam almashtirib turgan.
Tekshiruv vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yozishmalarda 162 ta bank kartasi haqidagi maʼlumotlarni aniqladi. Shuningdek, uchta mobil qurilma va beshta bank kartasi olib qoʻyildi.
Yopiq Telegram guruhlarida «Sanjik» taxallusi bilan tanilgan erkak ushlandi. Sud gumonlanuvchi D.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Dastlabki tergov davom etmoqda.





