Don Toliver Manchesterda yuz bergan hodisadan keyin Londondagi ikki konsertini boshqa sanalarga koʻchirdi
Amerikalik repper Manchesterda boʻlib oʻtgan konsertdagi hodisadan keyin The O2 va OVO Arena Wembleyʼdagi chiqishlarini boshqa sanalarga koʻchirdi.

London konsertlarining yangi sanalari mos ravishda 15 va 14-dekabr etib belgilandi. Tashkilotchilar konsertlarning koʻchirilishiga Toliverning sahna va ishlab chiqarish uskunalari Manchesterda qolib ketgani hamda ularni Londonga oʻz vaqtida yetkazib berishga ulgurilmaganini sabab qilib koʻrsatdi.
Ikkala chiqish uchun olingan chiptalar oʻz kuchida qoladi. Manchesterda boʻlib oʻtmagan konsert uchun tomoshabinlarga pul avtomatik ravishda qaytarib berilishi vaʼda qilinmoqda.
Hodisadan keyin Co-op Live arenasidan 12 000 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Greater Manchester politsiyasi maʼlumotiga koʻra, biror modda taʼsiri bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan alomatlar 89 nafar tashrif buyuruvchida kuzatilgan. Bir ayol kasalxonaga olib borildi, qolganlarga voqea joyining oʻzida yordam koʻrsatildi va ular vaqtincha Etihad stadioniga joylashtirildi.
Politsiya dastlab olomonga koʻzdan yosh oqizuvchi gaz tarqalgan boʻlishi mumkinligini taxmin qildi, biroq bu hozircha tasdiqlanmagan. Idora voqeani kengroq xavf tugʻdirmaydigan, alohida holat deb hisoblamoqda va moddaning tarkibi hamda kelib chiqishini aniqlashda davom etmoqda. Hibsga olinganlar yoʻq.





