Emirates Oʻzbekistonga reyslarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini baholamoqda
Emirates aviakompaniyasi Oʻzbekistonga muntazam reyslarni ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, deb xabar berdi Uzbekistan Airports. Tashuvchi qarorni yoʻlovchilar talabi va yoʻnalishlarning tijoriy istiqbolini baholagach qabul qiladi.

Oʻzbekiston bozoriga kirish masalasi Uzbekistan Airportsdagi ishchi uchrashuvda muhokama qilindi. Unda xalqaro aviatsiya siyosati va davlat organlari bilan ishlash uchun masʼul Emirates Group vakillari ishtirok etdi. Mehmonlarga mamlakat xalqaro aeroportlarining rivojlanishi, infratuzilmaning modernizatsiyasi va yoʻlovchilar oqimining oʻsishi haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekistonning turistik va tranzit salohiyati ham muhokama qilindi. Shuningdek, samolyotlarga xizmat koʻrsatish shartlari, istiqbolli yoʻnalishlar hamda yangi yoʻnalishlarni ochayotgan aviakompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash choralari haqida alohida soʻz yuritildi.
Tomonlar hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Emirates yoʻlovchilar talabini, aeroportlar imkoniyatlarini va yoʻnalishlarning tijoriy jozibadorligini oʻrganadi, Uzbekistan Airports esa zarur maʼlumotlarni taqdim etishga va maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyor.
BAAdan Oʻzbekistonga hozirning oʻzida Flydubai, Air Arabia va Etihad Airways parvoz qilmoqda. Emirates ham bozorga kirsa, yoʻlovchilar, jumladan, Dubay orqali amalga oshiriladigan ulanishli parvozlar uchun koʻproq variantlarga ega boʻladi.
Emirates Dubayda joylashgan boʻlib, xalqaro uzoq masofali tashuvlarga ixtisoslashgan. Kompaniyaning parvozlar tarmogʻi qariyb 80 ta mamlakatdagi 150 dan ortiq yoʻnalishni qamrab oladi, uning aviaparki asosini esa keng fyuzelyajli samolyotlar tashkil etadi.





