CNN: Hormuz boʻgʻozidagi hujumlar mojaro boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetdi
Hormuz boʻgʻozi va unga tutash suv hududlarida savdo kemalariga uyushtirilayotgan hujumlar soni AQSh va Eron oʻrtasidagi mojaro boshlanganidan beri eng yuqori darajada qolmoqda. Bu haqda CNN dengizdagi hodisalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tayanib xabar berdi.

Noyabr boshidan beri kamida 22 ta hujum qayd etildi. Bu urush davridagi oylar kesimida ikkinchi eng yuqori koʻrsatkichdir. Statistikaga Hormuz boʻgʻozi, Fors va Ummon qoʻltigʻlari kiritilgan.
Oktyabr oyida Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi (UKMTO) 30 dan ortiq hujum haqida xabar berdi — bu mojaro fevral oxirida boshlanganidan beri bir oy ichida hodisalar soni ilk bor ushbu koʻrsatkichdan oshishi boʻldi. Xalqaro dengiz tashkiloti ham oktabr oyida shu yil uchun tasdiqlangan hodisalarning rekord darajadagi sonini qayd etdi. Bungacha mintaqada oyiga oʻrtacha oʻn atrofida hujum sodir boʻlardi.
Mojaro fonida urushgacha jahon neft taʼminotining qariyb beshdan bir qismi tashilgan Hormuz boʻgʻozi orqali kemalar qatnovi keskin kamaydi. Hujumlar neft va gaz tashilishini qiyinlashtirib, jahon iqtisodiyotiga taʼsir koʻrsatmoqda.
CNN qayd etishicha, jahon neft narxlarining pasayishi va Eronning neft eksportidan tushadigan daromadlarining kamayishi Tehronni boʻgʻozdagi bosimni kuchaytirishga undashi mumkin. Ekspertlarning fikricha, ushbu yoʻnalish ustidan nazoratni yoʻqotayotgan Eron Vashingtondan yon berishlarga erishish umidida hujumlar sonini oshirishi mumkin.





