Kim Chen In Shimoliy Koreya tashqi siyosatidagi oʻzgarishlarni maʼlum qildi
Kim Chen In KXDR xalqaro aloqalarni kengaytirish bilan birga suverenitetni himoya qilish rejasini maʼlum qildi. U global inqiroz fonida buni zarurat deb atadi.

Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCTA) xabar berdi.
Shimoliy Koreya rahbari yaqinda tayinlangan elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Marosimda Tashqi ishlar vaziri Chxve Son Xi ham u bilan birga boʻldi. Agentlik eʼlon qilgan suratlarda Kim Chen In ish kostyumi va galstukda yangi elchilarning har biri bilan suratga tushgani aks etgan.
Diplomatlar oldidagi nutqida u dunyo xavfsizlik sohasida chuqur inqirozni boshdan kechirayotganini, jahon siyosati va iqtisodiyotida esa tartibsizlik hukm surayotganini aytdi. Shu sababli, Kim Chen Inning soʻzlariga koʻra, Pxenyanga oʻz suverenitetini himoya qilishga yangicha yondashishga toʻgʻri kelmoqda.
Kim Chen In KXDR tashqi siyosatining maqsadini boshqa davlatlar bilan munosabatlarni mustaqillik, tinchlik va doʻstlik tamoyillari asosida qurish deb taʼrifladi. U mamlakat «na ustunlikka, na ekspansiyaga intilmasligini» taʼkidladi.
Elchilar bilan uchrashuv Donald Trampning Osiyoga safari ortidan koʻp oʻtmay boʻlib oʻtdi. Oʻtgan hafta AQSh prezidenti Xitoyda boʻlib oʻtgan APEC sammitida qatnashdi. Safaridan oldinroq u oʻz jamoasiga Kim Chen In bilan uchrashish mumkin yoki mumkin emasligini oʻrganishni topshirgan edi, biroq uchrashuv amalga oshmadi.





