Oʻzbekiston Markaziy banki qarzlarni hisobdan chiqarish va muammoli banklar omonatlarini oʻtkazish imkoniga ega boʻladi
Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish — litsenziyani chaqirib olish oʻrniga ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish qoidalarini tasdiqladi. Hujjat 17-noyabrda kuchga kirdi.

Mexanizmlardan biri oraliq bank tashkil etish boʻladi: u muammoli bankning hayotiy muhim funksiyalarini 12 oygacha bajarishi mumkin, zarurat tugʻilganda bu muddat yana bir yilga uzaytiriladi.
Sanatsiya toʻgʻrisida qaror qabul qilingach, aksiyadorlar, kuzatuv kengashi va bank boshqaruvining vakolatlari Markaziy bankka oʻtadi. Regulyator yangi rahbariyatni yoki maxsus boshqaruvchini tayinlaydi va aktivlar hamda majburiyatlarni, jumladan kreditlar va omonatlarni, boshqa bankka oʻtkazishi yoki sotishi mumkin. Buning uchun omonatchilarning roziligi talab qilinmaydi, bank hisobvaraqlari boʻyicha yangi shartnomalar esa tuzilmaydi.
Zararlar avvalo aksiyadorlar oʻrtasida ularning ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Shundan soʻng qarzlar hisobdan chiqarilishi mumkin: birinchi navbatda subordinatsiyalangan qarzlar, undan keyin bank bilan bogʻliq shaxslar oldidagi majburiyatlar, soʻngra boshqa talablar. Kafolatlangan omonatlar, xodimlarning ish haqi va pensiyalari, soliqlar hamda ayrim operatsion majburiyatlar hisobdan chiqarilmaydi. Budjetdan moliyalashtirish zarur boʻlsa, Markaziy bank uni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishishi kerak.





