Toshkent va Astraxan oʻrtasida yangi xalqaro yoʻlovchi poyezdi qatnay boshlaydi
2026-yil 17-dekabrdan Toshkent va Astraxan oʻrtasida yangi xalqaro yoʻlovchi poyezdi qatnay boshlaydi. Reyslar haftasiga bir marta amalga oshiriladi.

№ 150-sonli Toshkent — Astraxan poyezdi Toshkent-Markaziy (Toshkent-Shimoliy) vokzalidan payshanba kunlari soat 18:00 da joʻnaydi. U Astraxanga shanba kuni soat 19:00 da yetib boradi. Birinchi reys 17-dekabrga belgilangan.
№ 149-sonli Astraxan — Toshkent qaytish poyezdi 20-dekabrdan qatnay boshlaydi. U Astraxandan yakshanba kunlari soat 02:01 da joʻnaydi va seshanba kuni soat 04:35 da Toshkent-Markaziy vokzaliga yetib keladi.
Chiptalar joʻnab ketishdan 45 kun oldin sotuvga chiqariladi.
Avvalroq Oʻzbekistonda Andijon va Samarqand oʻrtasida tezyurar poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish mumkinligi maʼlum boʻlgan edi: 2027-yil oxirigacha Toshkent — Andijon tezyurar elektr poyezdlari yoʻnalishini Samarqandgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 2028-yil oxirigacha Fargʻona vodiysidagi halqa yoʻnalishida qatnovlar sonini ikki baravar oshirish taklif qilinmoqda.





