Oʻzbekistonda qator tumanlar uchun elektr energiyasi meʼyori oshirildi
Gazlashtirilmagan tumanlar va gaz taʼminoti cheklangan hududlarda yashovchilar uchun noyabr oyidagi bazaviy meʼyor 350 kVt·soatgacha oshirildi; tarif 1 kVt·soat uchun 650 soʻmni tashkil etadi.

Oshirilgan meʼyor butun isitish mavsumi davomida amal qiladi. U Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 601-son qarori bilan belgilangan. Ushbu meʼyor doirasida elektr energiyasining 1 kVt·soati 650 soʻmdan hisoblanadi.
Imtiyoz beriladigan xonadonlar roʻyxatini «Hududgaztaʼminot» AJ tuzdi. Hozir ularni hokimliklar tekshirib, tasdiqlamoqda. Shundan soʻng «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ maʼlumotlarni billing tizimiga kiritadi. Ishlarni 25-noyabrgacha yakunlash kerak. Tartib 1-noyabrdan amal qilgani uchun noyabr oyi uchun hisob-kitob yangi meʼyor boʻyicha qayta amalga oshiriladi.
Ariza topshirish, maʼlumotnoma taqdim etish yoki gaz taʼminoti yoxud elektr energiyasini sotish kompaniyalariga borish talab etilmaydi. Imtiyoz tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan barcha isteʼmolchilar uchun avtomatik tarzda qoʻllanadi.
Energetika vazirligi tejamni misol orqali koʻrsatdi. Oyiga 300 kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilinganda, oila avval 220 ming soʻm toʻlagan boʻlardi, endi esa 195 ming soʻm toʻlaydi. Farq 25 ming soʻmni tashkil etadi.
Yangi tartibga oʻtishni Energetika vazirligi, «Hududgaztaʼminot», «Hududiy elektr tarmoqlari» va mahalliy hokimliklar taʼminlamoqda.





