Van Gogning kartinasi rekord darajadagi 190,4 mln dollarga sotildi
Sothebyʼs Vinsent Van Gogning «Gullagan kashtanlar» kartinasini 190,4 mln dollar (144,8 mln funt sterling)ga sotdi. Savdolardan oldin auksion uyi asarning natsistlar davridagi sotilishi yuzasidan kelishmovchilikni hal qildi.

Chorshanba kuni Nyu-Yorkda «Gullagan kashtanlar» Van Gog asarlari uchun yangi auksion rekordini oʻrnatdi. Rassomning avvalgi natijasi 117,2 mln dollar boʻlib, unga 2022 yilda erishilgan.
Kartina 1890 yilda, Van Gog hayotining soʻnggi ikki oyida chizilgan. Sothebyʼs bahosiga koʻra, u oʻsha davrga oid hozirgacha xususiy qoʻllarda saqlanayotgan eng muhim asarlardan biridir. Savdolargacha asar 180 mln dollarga baholangan. Lot Blaquier-Arrieta kolleksiyasiga kirgan.
Auksiondan sal oldin auksion uyi Blaquierlar oilasi va avval kartinaga egalik qilgan Fisherlar oilasi merosxoʻrlari oʻrtasida kelishuvga erishilganini maʼlum qildi. Merosxoʻrlar vakillari natsistlar davrida oila nashriyot kompaniyasi moliyaviy zarar koʻrgani sababli asar bosim ostida sotilgan boʻlishi mumkinligini bildirgan. Sothebyʼs tomonlar kartinaning tarixini hamda Fisherlar oilasining Holokost davridagi azob-uqubatlarini inobatga olgan holda kelishib olganini maʼlum qildi.
Asarni sotib olgan shaxs hozircha oshkor etilmadi. Provenans tavsifida aytilishicha, kartinaga nemis noshiri Samuel Fisher egalik qilgan, keyinchalik u boshqa egalarga oʻtgan, Blaquierlar oilasi esa asarni 1975 yilda sotib olgan.
Yana oʻqing

Jon Lennon 1968-yilgi avval eʼlon qilinmagan The Beatles suratlarida saksofon chalmoqda
Madaniyat09:53
Bred Pitt va Anjelina Joli ayrilganidan 10 yil oʻtib nizoni hal qildi
Madaniyat26-noyabr, 12:55


